Erdo‘g‘anning saylovda prezidentlikdan mahrum bo‘lishi bashorat qilindi
Olam
−
20 yanvar 2023
10014Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘an, agar navbatdagi prezidentlik saylovlari adolatli o‘tsa, o‘z lavozimini yo‘qotishi mumkin. Bu haqda Britaniyaning “The Economist” gazetasi xabar berdi.
Nashrning eslatishicha, Erdo‘g‘an boshchiligidagi Adolat va taraqqiyot partiyasi tezda o‘zining avvalgi mashhurligini yo‘qotmoqda: masalan, uch yil avval partiya Turkiyaning uchta yirik shahri – Anqara, Istanbul va Izmir mer saylovlarida mag‘lub bo‘lgan edi.
“So‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, agar muxolifat o‘zining eng ommabop nomzodi atrofida birlashsa va saylovlar ozmi-ko‘pmi adolatli o‘tsa, Erdo‘g‘an to‘rt oy ichida prezidentlik lavozimini boy berishi mumkin”, deb yozadi material muallifi.
Qayd etilishicha, Turkiyaning amaldagi prezidenti reytingining pasayishi uning uzoq hukmronligi davrida demokratik institutlarning tanazzulga uchrashi, shuningdek, misli ko‘rilmagan inflyatsiya va turmush darajasining pasayishi bilan bog‘liq.
“Erdo‘g‘an inflyatsiyaning davosi pulni arzonlashtirish, deb hisoblaydi. Turkiyada inflyatsiya darajasi 64 foizni tashkil etishining asosiy sababi ham shu”, deya ta’kidlaydi gazeta.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an joriy yilning 18 yanvar kuni parlamentdagi chiqishi chog‘ida mamlakatda prezidentlik va parlament saylovlari 14 may kuni o‘tkazilishi mumkinligini aytgandi. 2022 yilning yozida Erdo‘g‘an Adolat va taraqqiyot partiyasi va Millatchi Harakat partiyasini o‘z ichiga olgan Xalq ittifoqidan o‘z nomzodini ilgari surdi.
LiveBarchasi