Erdo‘g‘anning sahifasi 2 kun ichida Mirziyoyevnikidan o‘zib ketdi
Jamiyat
−
14 yanvar 2021
15839Joriy yilning 12 yanvar kuni Telegram’da Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning rasmiy sahifasi ochilgani haqida xabar bergan edik. Ikki kun ichida ushbu kanal foydalanuvchilari soni 235 mingdan oshib ketdi va Erdo‘g‘anning kanali ikkinchi o‘rinda borayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyevning sahifasini quvib o‘tdi.
Telegram asoschisi Pavel Durov davlat rahbarlarining messenjerdagi rasmiy kanallarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, birinchi o‘rinni Braziliya Prezidenti Jair Bolsonaru egallab turibdi. Uning Telegram sahifasidagi kuzatuvchilari soni 267 mingdan ortgan.
Ikkinchi o‘rinda esa yuqorida qayd etilganidek, Rajab Toyib Erdo‘g‘anning sahifasi bormoqda.
Uchinchi o‘rin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga oid. Ayni vaqtda uning Telegram’dagi sahifasida 194 ming nafar kuzatuvchi bor.
Keyingi o‘rinni Meksika Prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador zabt etgan. Uning kanaliga 106 ming kishi a’zo bo‘lgan.
Beshinchi o‘rinni Meksika Prezidentidan katta farq bilan Tayvan Prezident Say Inven xonim egallab turibdi. Uning kuzatuvchilari soni endigina 50 mingtaga yetgan.
Oltinchi o‘rin esa Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga nasib etgan. Uning Telegram’dagi sahifasiga 49 mingdan ortiq foydalanuvchi a’zo bo‘lgan.
Zelenskiydan keyin esa 20 minglik farq bilan Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bormoqda. Uning kuzatuvchilari 29 mingdan oshgan.
Sakkizinchi o‘rin Singapur Bosh vaziri Li Syanlunga tegishli. Uning Telegram’dagi kuzatuvchilari 17 mingdan oshgan.
Oxirgi o‘rinni egallayotgan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning Telegram’dagi kuzatuvchilari esa endigina 10 ming kishidan oshgan.