Erdo‘g‘anning rafiqasi yig‘lagani nega dunyoda shov-shuv bo‘ldi?
Olam
−
14 iyul 18274 3 daqiqa
Joriy yilning 12 iyul kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Kurdiston Ishchilar partiyasi (PKK) qurollarni tashlagach, bu haqda ilk bor nutq so‘zlagandi. Uning nutqi chog‘ida zalda hayajonli va hissiy lahzalar yuz berdi. Nutq yakunida Prezidentning rafiqasi Emina Erdo‘g‘an yig‘lab, minbardan tushayotgan erini quchoqlab, uning yelkasida ko‘z yosh to‘kdi. Bu haqda “Cumhuriyet” xabar berdi.
Erdo‘g‘an bu nutqni “Adolat va taraqqiyot” partiyasining 32-yig‘ilishida so‘zlagan. Davlat rahbari “Terrorchilikdan xoli Turkiya” g‘oyasini ilgari surgan hamda siyosiy va ijtimoiy jihatdan muhim xabarlar bergan.
“Agar turk, kurd va arab bir bo‘lsa – hamma birlashadi. Bo‘linsa – mag‘lubiyat, fojia va qayg‘u bizni chulg‘aydi”, degan davlat rahbari.
Shuningdek, Erdo‘g‘an turk va kurd xalqlarining davom etayotgan birodarlik rishtalarini alohida ta’kidlagan. Bu fikrlar zalda uzoq va qizg‘in olqishlar bilan qarshi olingan.
Nutq so‘nggida esa eng ta’sirli lahza yuz bergan. Tadbirda ishtirok etgan Emina Erdo‘g‘an hayajonni yenga olmay, ko‘z yosh to‘kkan. Erdo‘g‘an sahnadan tushgach, ko‘z yoshlarini artayotgan rafiqasiga mehr bilan quchoq ochgan. Bu hissiyotli daqiqalar esa kameralarga muhrlangan.
Emina Erdo‘g‘anning yig‘lagan holati ijtimoiy tarmoqlarda tez orada trendga aylangan. Ko‘plab foydalanuvchilar bu holatni jamiyatda birlik va birdamlik chaqiriqlari qanday ta’sir qilayotganini ko‘rsatuvchi muhim belgilar, deb izohlagan. Lekin ba’zi ommaviy axborot vositalarida “Erdo‘g‘an yangi saylovlarga nomzodini qo‘ymoqchi emasligini aytgani uchun uning ayoli bunga bardosh berolmay yig‘lab yubordi” talqinidagi feyk xabarlar tarqaldi. Aslida esa Erdo‘g‘anning ayoli “Ertadan boshlab 47 yillik terror fojiasi tugaydi”, degan so‘zlar uchun ko‘z yosh to‘kkan.
Ma’lumot uchun, Kurdiston Ishchilar partiyasi 1978 yil 27 noyabrda chap sotsialistik partiya sifatida tashkil etilgan va 1984 yil 15 avgustdan boshlab Turkiya hukumatiga qarshi qurolli urushni boshlagan. Uning tarafdorlari Abdulla O‘jalonni oliy yetakchi va mafkuraviy ilhomlantiruvchi deb biladi.
Turkiya, AQSH, Yevropa Ittifoqi va ayrim boshqa davlatlar PKKʼni terrorchi tashkilot deb tan olgan.
Abdulla O‘jalon 1999 yildan beri Imrali orolidagi qamoqxonada izolyatsiyada saqlab kelinmoqda. U joriy yilning 27 fevral kuni tarixiy bayonot berib, tarafdorlarini Turkiyaga qarshi 40 yildan ortiq davom etgan kurashdan so‘ng qurollarini tashlab, PKK tarqatilganini e’lon qilishga chaqirdi. Bu harakat 40 mingdan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lgan mojaroda tinchlikka yo‘l ochishga qaratilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kurdiston Ishchilar partiyasi qurolli mojaroni to‘xtatish va o‘zini tarqatib yuborishga qaror qilgani haqida bayonot tarqatgandi. Qolaversa, partiya Shimoliy Iroqda o‘tkazilgan marosimda o‘z ixtiyori bilan qurollarini topshirgani va ularni ramziy tarzda yoqqanini tasdiqlagandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr