Erdo‘g‘anning partiyasi saylovlarni kechiktirishga qarshi 

Olam

image

2023 yil bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan prezidentlik saylovida yana amaldagi davlat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anning nomzodini ilgari surayotgan “Adolat va taraqqiyot” partiyasi umumiy saylovlar bilan bog‘liq barcha variantlarni o‘rganib chiqqan holda, uni keyinga qoldirishdan bosh tortmoqda. Bu haqda “Hurriyet” gazetasi manbaalarga tayanib xabar berdi. 

Qayd etilishicha, mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an saylov o‘zi taklif qilganidek 14 may kuni o‘tkazilishidan xavotirda emas. 

Gap shundaki, Erdo‘g‘an bundan bir necha hafta avval mamlakatda kutilayotgan saylov yoz oylarida emas, balki mayning birinchi yarmida o‘tkazilishi taklif qilgandi. Davlat rahbari bunga sabab sifatida ko‘plab fuqarolarning yoz oylarida mamlakatni ta’til sababli tark etib, saylov jarayonlarida qatnasha olmasligi bilan bog‘lagandi. Keyinroq u saylovni 14 may kuni o‘tkazishni taklif qildi. Boisi bundan 73 yil avval, 1950 yilning 14 may kuni Turkiyada ilk bor ko‘p partiyaviylikka qadam tashlangan. Shu yili Adnan Menderes va Jalol Bayar boshchiligidagi Demokratlar Otaturk ta’sis qilgan va 27 yil iqtidorda bo‘lgan “Jumhuriyat xalq” partiyasi ustidan g‘alabaga erishib, mamlakat boshqaruvini qo‘lga olgan. 

Xabarda aytilishicha, Oliy saylov komissiyasi bu jarayonda kelishmovchiliklar yuzaga kelmasligi uchun yer qimirlashi ro‘y bergan joylardan ko‘chib ketgan hamda voqea hududida qolganlar uchun ovoz berishning barcha qulayliklari yaratilishi ustida ish olib boradi.

Avvalroq, siyosatchi Bulen Arinch hozir saylovning vaqti emasligini, fuqarolar saylov uchun emas, hayot uchun kurashayotganini aytib o‘tgan edi. Mamlakatning 6 muxolifat partiyasi koalitsiyasi hali nomzodlarni e’lon qilgani yo‘q. Turkiyadagi vayronkor zilzila ortidan Erdo‘g‘an va iqtidorga “Adolat va taraqqiyot” partiyasiga nisbatan e’tirozlar ortgan. Muxolifat va jamoatchilik Hukumatdan 1999 yildan buyon yig‘ilayotgan va Erdo‘g‘an rahbarligi davrida 36 mlrd dollardan ortib mablag‘ni tashkil qilgan Zilzila solig‘i qayerga sarflanganining hisobini so‘ramoqda. Zilzila va uning atrofidagi inqirozli vaziyat saylovlarga ham og‘ir ta’sir qilishi kutilmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an prezidentlik saylovi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing