Erdo‘g‘anni diktator deb, Kur’on haqida hazil qilgan komik qamoqqa olindi

Olam

image

Turkiyalik komik Deniz Go‘ktashga nisbatan Istanbuldagi “Harbiya Jemil Topuzlu” ochiq havo teatrida namoyish etgan va keyinchalik YouTube’ga joylagan “O‘lik dengiz” nomli stendap dasturidagi siyosiy hajvlari sabab jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda “Haberler” xabar berdi.

Qayd etilishicha, qiziqchi xorij safaridagi qaytish chog‘ida Istanbul aeroportida pasport nazorati vaqtida qo‘lga olinib, keyinchalik sud qarori bilan qamoqqa olingan. Uning advokati Metin Aslan va Turkiya Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Deniz Go‘ktashga Turkiya Jinoyat kodeksining 299-moddasi bo‘yicha “prezidentni haqorat qilish”, shuningdek 216-moddaning 3-qismi bo‘yicha “aholining bir qismi e’tiqod qiladigan diniy qadriyatlarni ochiqchasiga haqorat qilish” ayblari qo‘yilgan.

299-moddaga ko‘ra, prezidentni haqorat qilganlik uchun 1 yildan 4 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Agar bu jinoyat omma oldida yoki OAV orqali sodir etilsa, jazo yana og‘irlashtirilishi mumkin. 216-moddaning uchinchi qismi esa diniy qadriyatlarni omma oldida haqorat qilganlik uchun 6 oydan 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi.

Deniz Go‘ktash politsiyaga bergan ko‘rsatmasida barcha ayblovlarni rad etgan.

“Mening ma’lum bir aholi qatlami e’tiqod qiladigan diniy qadriyatlarni haqorat qilish niyatim mutlaqo bo‘lmagan. Dindor insonni ranjitish maqsadim yo‘q. Agar bunday fikrni oddiy tomoshabindan eshitganimda, o‘zim ham xafa bo‘lardim”, deydi u.

Shuningdek, u Prezidentni haqorat qilganini ham inkor etgan.

“Prezidentni qandaydir tarzda kamsitish niyatim bo‘lmagan. Dastur davomida boshqa mashhur shaxslar va g‘oyalarga qanday hazil qilgan bo‘lsam, bu ham Turkiyadagi ijtimoiy voqealarga qaratilgan hajviy yondashuv edi, boshqa maqsadim yo‘q”, degan Go‘ktash.

Mazkur stendap dasturi 24 iyun kuni YouTube’da e’lon qilingan bo‘lib, qisqa vaqt ichida qariyb 9 million marta tomosha qilingan. Unda Go‘ktosh mamlakatdagi siyosiy vaziyatni hajviy usulda yoritib, hukumat vakillari bilan bir qatorda Istanbulning qamoqda saqlanayotgan sobiq meri Ekrem Imomo‘g‘lini ham tanqid qilgan.

Stendap dasturida qiziqchi mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anni “diktator” deb atagan.

“Erdo‘g‘an uyalchan diktatordan o‘zini erkin his qiladigan diktatorga aylandi. Bizning boshimizga kelganlarni hisobga olmasangiz, shaxs uchun bu juda katta o‘sish”, degan Deniz Go‘ktash chiqishida.

Istanbul Bosh prokuraturasi 185 ta murojaat o‘rganilganidan keyin jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, Go‘ktashning islom dini haqidagi hazillaridan biri ham bahs va e’tirozlarga sabab bo‘lgan.

“Dastlabki uchta kitob yaxshi edi, to‘rtinchisida tarjima unchalik emas. Menimcha, to‘rt kitob ichida eng yaxshisi o‘sha. 600-yillarda juda da’voli boshlangandi bu. Muallif uchun ham qiyin. Keyin ongimizga yangi g‘oya kelsa ham, axir “oxirgi kitob” deb qo‘yyaqoldik”, degan u.

Manbaga ko‘ra, komikning qo‘lga olinishi huquqshunoslar, muxolifat partiyalari va qator jamoat tashkilotlari tanqidiga uchragan. Ular bu holatni so‘z erkinligi va siyosiy hajv huquqiga bosim sifatida baholab, Deniz Go‘ktashni ozod qilishga chaqirgan.

Ma’lumot uchun, 32 yoshli Deniz Go‘ktosh stendap faoliyatini 2019 yilda Istanbuldagi “TuzBiber” komediya klubida boshlagan. Keyingi yillarda u Turkiya, Yevropa va AQSHning turli shaharlarida chiqishlar qilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar