Erdo‘g‘anga Qirg‘izistonning oliy mukofoti topshirildi
Olam
−
05 noyabr
2561Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bugun, 5 noyabr kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga mamlakatning birinchi darajali mukofoti “Manas” ordenini topshirdi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Orden Bishkekdagi Prezident administratsiyasining yangi binosida rahbarlar yig‘ilishi paytida tantanali ravishda topshirilgan.
“Ushbu mukofot Rajab Toyib Erdo‘g‘anga Qirg‘iziston va Turkiya o‘rtasidagi strategik hamkorlikni rivojlantirish, ikki xalq birligi va do‘stligini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun berildi”, deyiladi xabarda.
Taqdirlash marosimida Prezident Sadir Japarov Turkiya Prezidentiga qirg‘iz xalqining chuqur minnatdorligini bildirib, har tomonlama hamkorlikni mustahkamlash borasidagi shaxsiy sa’y-harakatlari uchun Erdo‘g‘anga Qirg‘iziston Respublikasining oliy davlat mukofotini topshirish u uchun katta sharaf ekanini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, birinchi darajali “Manas” ordeni Qirg‘izistonning eng yuqori mukofoti hisoblanadi. U mamlakat va demokratik jamiyatni, xalq birligini himoya qilish va mustahkamlashga, davlatning iqtisodiy, intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun topshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 5 noyabr kuni Bishkekda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama muzokaralar paytida Qirg‘izistonning rasmiy Anqara oldidagi 58,9 million dollarlik tashqi qarzidan voz kechgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Erdo‘g‘an rasmiy Bishkekning yashil iqtisodiyot loyihalari evaziga ushbu qarzlardan voz kechgan.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi