Erdo‘g‘an Japarovni FETOning terroristik tahdidlaridan ogohlantirdi

Olam

image
0:00
0:00
download

"Fathulloh Gulen boshchiligidagi FETO terroristik tashkiloti ham Qirg‘iziston, ham Turkiyaning milliy xavfsizligiga tahdid solmoqda". Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 9 iyun kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuvdan keyin imzolangan qo‘shma bayonot vaqtida so‘z ochdi. 

Kecha Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ilk rasmiy tashrif bilan Turkiya Respublikasiga bordi. Tashrif doirasida Prezidentlar Japarov va Erdo‘g‘anning yakkama-yakka uchrashuvi, Qirg‘iziston va Turkiya o‘rtasidagi strategik hamkorlik Oliy kengashining 5-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvlardan so‘ng Prezidentlar qo‘shma bayonotni imzoladilar. 

Qo‘shma bayonot imzolanishi ortidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Erdo‘g‘an Japarov bilan kelishuvlarni ochiqladi. Turkiya rahbari Qirg‘iziston Prezidenti bilan mintaqadagi xavfsizlik, terrorizmga, xususan FETO terroristik tashkiloti faoliyatiga qarshi kurash borasida kelishuvga erishganini va hamfikr ekanliklarni aytdi. 

“Terror tashkilotlari, xususan FETOga qarshi kurashdan tortib, mintaqaviy hamkorlikka qadar kun tartibidagi barcha masalalarni muhokama qildik.

FETO har ikki mamlakatning milliy xavfsizligiga tahdid solayotgani borasida aziz qardoshim bilan hamfikrmiz. So‘nggi voqealar FETOning qonli, qorong‘i va xunuk yuzini yana bir bor ko‘z oldimizga chiqardi. Umid qilamanki, biz ushbu xavfni yelkama-yelka turib, birgalikda yengamiz”, deydi Erdo‘g‘an. 

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining rasmiy sayti ham Sadir Japarovning Turkiyaga tashrifini yoritib borgan bo‘lsa-da, xabarnomalarda ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi uchrashuvda FETO terroristik tashkilotiga qarshi kurash masalalari muhokama qilingani haqida so‘z bormagan. 

Turkiya Respublikasi va Qirg‘iziston rahbarlari o‘rtasida muntazam aloqalar bo‘lib kelganiga qaramay, rasmiy tashriflarning eng so‘nggisi 2018 yilda amalga oshirilgan edi. O‘shanda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Bishkekka borib, Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Unda Turkiya rahbari Qirg‘izistonda hamon FETO faoliyati mavjudligi, terroristik tashkilotlarga oid maktablar faoliyati davom etayotganini ta’kidlagan. Keyingi davrlardagi uchrashuvlarda bu masalalar muhokama qilinmagan. 

Ma’lumot o‘rnida, 2016 yilning 15 iyul kuni Turkiyada davlatga qarshi to‘ntarishga urinish amalga oshirildi. Unda mamlakat xavfsizlik kuchlari, ichki ishlar, prokuratura, Milliy xavfsilik xizmati, Kurolli kuchlar, mudofaa tizimlariga o‘rnashib olgan kimsalar Erdo‘g‘an boshchiligidagi Hukumatga qarshi to‘ntarishni amalga oshirib, Prezidentni hokimiyatdan ag‘darishni maqsad qilgan edi. To‘ntarishga urinishlar xalqning ko‘chalarga chiqib, mamlakat demokratiyasini himoya qilishi bilan bostirildi. Oqibatda 251 nafar begunoh insonlar qurbon bo‘ldi. 

Ushbu davlat to‘ntarishiga harakat ayni damda AQSHning Pensilvaniya shtatida istiqomat qilib kelayotgan Fathulloh Gulen boshchiligidagi FETO terroristik guruhi va uning davlatdagi korchalonlari orqali amalga oshirilgani ma’lum qilindi. Turkiya Hukumati to‘ntarishga urinishdan so‘ng Fathulloh Gulen va u boshchiligidagi tashkilotga qarshi murosasiz kurashni boshladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Sadir Japarov

Baholaganlar

165

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing