Erdo‘g‘an Zelenskiy bilan 2,5 soat “dardlashdi”
Olam
−
08 iyul 2023
8248Kecha, 7 iyul kuni Istanbulda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“Anadolu” agentligining xabar berishicha, uchrashuvda yetakchilar Ukrainadagi vaziyat, Qora dengiz don tashabbusi va boshqa xalqaro masalalarni muhokama qilgan.
Prezidentlarning uchrashuvi 2,5 soat davom etgan. Davlat rahbarlarining muzokaralari bilan bir vaqtda delegatsiyalarning kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tgani aytilmoqda.
Uchrashuvdan so‘ng prezidentlar qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazdi va jurnalistlarning savollariga javob berdi. Unda Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Qora dengiz don tashabbusi bo‘yicha kelishuvni uzaytirish alohida ahamiyat kasb etishini qayd etgan.
“Yil davomida g‘alla yo‘lagi bo‘ylab 33 million tonna mahsulot tashildi. Ushbu shartnoma muddati 17 iyulda tugaydi. Endi kelishuv muddatini uzaytirishga erishish juda muhim. Turkiya bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarini davom ettirmoqda. Bu tashabbusni ikki oydan uch oygacha davom ettirish muhim. Umuman olganda, 2 yil muddatda jahon bozorlariga mahsulot yetkazib berishni ta’minlashga harakat qilamiz. Turkiya 17 iyulda tugaydigan Qora dengiz don bitimining uzaytirilishiga umid qilmoqda. Biz don koridorini ikki yilga uzaytirishga intilamiz”, degan u.
Prezident Turkiyaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etganini qo‘shimcha qildi. Unga ko‘ra, Turkiya Ukraina va Rossiya o‘rtasida tinchlikka erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini davom ettiradi.
“Mojaroning boshidanoq biz Ukraina bilan birdamligimizni ko‘p sohalarda – siyosiy, iqtisodiy, xavfsizlik bo‘yicha aniq yordam ko‘rsatish orqali namoyish etdik. Urushni xalqaro huquq asosida muzokaralar yo‘li bilan tugatish uchun eng jadal harakat qilgan davlat ham biz edik”, deydi Prezident Erdo‘g‘an.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Prezident Erdo‘g‘an va turk xalqiga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi.
“Asosiy mavzu Qora dengiz mintaqasi va umuman Yevropadagi xavfsizlikdir. Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suvereniteti hamda tinchlik formulamizni qo‘llab-quvvatlagani uchun Turkiyaga minnatdorlik bildiramiz. Buning zamirida mamlakatlarimiz, xalqimiz va manfaatlarimiz himoyasi yotadi”, deydi Zelenskiy.
G‘alla kelishuviga kelsak, Zelenskiy Kiyev don shartnomasini uzoq muddatga uzaytirish tarafdori, uning taqdiri bir davlat pozitsiyasiga bog‘liq bo‘lmasligi kerakligini ta’kidlagan.
Ukraina Prezidenti, shuningdek, "turli xil yo‘laklar bo‘lishi kerak"ligini aytib, gap Nikolayev viloyati portlaridan kemalar harakati haqida ketayotganini bildirdi.
LiveBarchasi