Erdo‘g‘an yong‘indan halok bo‘lganlarning janozasida yig‘lab yubordi
Olam
−
22 yanvar
5744Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va uning rafiqasi Emina Erdo‘g‘an Boluda yuz bergan yong‘in oqibatida oila a’zolarini yo‘qotgan Gultekin oilasiga hamdardlik bildirish uchun ushbu viloyatga tashrif buyurdi. Erdo‘g‘an hamdardlik izhoridan keyin dafn marosimida ishtirok etdi va ko‘z yoshlarini tiya olmadi. Bu haqda “Habertürk” xabar berdi.
“Mehmet Bey parlamentda mening deputat hamkasbim bo‘lgan. Oila sifatida yaqin do‘stlik aloqalarimiz bor edi. Yuragimiz ezildi, qalbimiz ezildi. Butun oilasiga va xalqimizga sabr tilayman”, dedi Erdo‘g‘an dafn marosimida.
Nashrga ko‘ra, Prezident Erdo‘g‘an Boluga tashrifi davomida yong‘inda halok bo‘lgan sakkiz kishining dafn marosimida ishtirok etgan. Avvaliga u yong‘inda zarar ko‘rgan Gultekin oilasining uyiga tashrif buyurib, marhumlarning yaqinlariga hamdardlik bildirgan. Shundan so‘ng, u Kali Konutlar masjidida o‘tkazilgan dafn marosimiga yo‘l olgan.
Halok bo‘lganlar orasida Zehra Sena Gultekin, uning turmush o‘rtog‘i Bilol Gultekin, ularning farzandlari Muhammad Salim, Yusuf Sinanettin va Bakir Sodıq Gultekin, shuningdek, Gultekinlar asrab olgan farzandi Sumaya Guner ham bo‘lgan. Bilol Gultekinning ukalari Enes va Rumeysa Gultekin ham halok bo‘lganlar orasida.
“Bugun biz sakkiz nafar birodarimizni oxiratga kuzatyapmiz. Robbim ularni rahmatiga olsin va maqomlarini oliy qilsin. Aziz hamkasbim Mehmet Bey bilan uzoq yillar davomida do‘stlik aloqalarimiz davom etdi. Bugun ularga qo‘shni sifatida o‘z burchimizni ado etish uchun shu yerdamiz. Robbim oxiratda ham bizni birga qilsa edi. Barcha oilaga va xalqimizga sabr tilayman”, dedi Erdo‘g‘an marosimdan so‘ng.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq hodisa yuzasidan tergov boshlangani va 4 kishi, jumladan, mehmonxona egasi ham qo‘lga olingani xabar qilingandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, vafot etgan va jarohat olganlar orasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari mavjud emas. Yong‘in oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga hamdardlik yo‘lladi. Hozirda yong‘in qurbonlari soni 76 nafarga yetgan.