Erdo‘g‘an o‘zi va xotiniga atab muzey ochyapti
Olam
−
13 yanvar 2023
4287Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an saylovlar arafasida uning shaxsiga bag‘ishlangan muzeyga ega bo‘ladi. Bu haqda kecha, 12 yanvar kuni turkiyalik jurnalist Murat Sabunchu T24 saytida chop etilgan maqolasida ma’lum qildi.
Jurnalistga ko‘ra, muzey Erdo‘g‘an tug‘ilib voyaga yetgan ilk yillari o‘tgan Istanbulning Qosimpasha tumanida bo‘ladi. Ekspozitsiya Turkiya rahbari hayotiga bag‘ishlangan bo‘lib, u teleyekranlarda namoyish etiladigan va bino devorlariga aks ettiriladigan fotosuratlar va video montajlardan iborat bo‘ladi. Shuningdek, tashrif buyuruvchilarga Turkiya yetakchisi oilasining shajarasi, universitetda o‘qiyotgan paytida Istanbulning turli yoshlar klublarida to‘p surgani, hattoki bir necha oy qamoqda o‘tirgani ko‘rsatiladi.
Muzey tashkilotchilari Erdo‘g‘anning Prezident sifatidagi faoliyatini e’tibordan chetda qoldirmaydi. Ko‘rgazmada davlat rahbarining eng muhim nutqlari, masalan, BMTdagi nutqlari, shuningdek, Aya-Sofiyani masjid maqomiga qaytarishdagi ishtiroki namoyish etiladi.
Muzeyda, shuningdek, Erdo‘g‘anning oila a’zolari, xususan, uning rafiqasi Emina Erdo‘g‘anga bag‘ishlangan eksponatlar ham namoyish etiladi.
Ma’lumot uchun, Rajab Toyib Erdo‘g‘an 1954 yilning 26 fevral kuni Istanbulda tug‘ilgan. U Turkiyaning 12-prezidenti va mamlakatni 2014 yildan buyon boshqarib kelmoqda. U bungacha 2003—2014-yillarda Turkiya Bosh vaziri, 1994—1998 yillarda Istanbul meri lavozimlarida ishlagan. Hukmron "Adolat va taraqqiyot" partiyasi asoschisi.
U 2014 yil 10 avgustda Turkiyada bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi, 2018 yilda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari saylovlarda yana prezident etib saylandi. 69 yashar Erdo‘g‘an joriy yil yoz oylarida o‘tishi rejalashtirilayotgan Prezident saylovida ham asosiy nomzod bo‘lmoqda.