Erdo‘g‘an uchinchi marta ham Prezidentlikka nomzod bo‘ladi
Olam
−
07 fevral 2022
5447Turkiyaning amaldagi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 2023 yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida “Xalq alyansi”dan nomzod bo‘ladi. Bu haqda alyans tarkibiga kiruvchi Milliy harakat partiyasi rahbari Devlet Baxcheli Twitter’da ma’lum qildi.
Hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi (ATP) va Milliy harakat partiyasi (MHP) avvalroq “Xalq alyansi”ni tuzgan edi.
“Prezidentlikka nomzodimiz aniq, bu Rajab Toyib Erdo‘g‘an. 2023 yil iyun oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda janob Erdo‘g‘pnning katta farq bilan g‘alaba qozonishiga ishonaman, “Xalq alyansi” ham yana bir g‘alaba qozonadi”, degan Baxcheli.
Ba’zi doiralar, Prezident Erdo‘g‘anning endi nomzod bo‘lmasligi haqidagi “dushmanlikka yo‘g‘rilgan qora propaganda”ni allaqachon boshlaganini ta’kidlagan Baxcheli, bu da’voning qonuniy va konstitutsiyaviy asosi hamda ob’ektiv haqiqatga ega emasligini qo‘shimcha qildi.
“Erdo‘g‘an prezidentlik tizimining birinchi Prezidenti va uning yana nomzod bo‘lishi uchun hech qanday to‘siq yo‘q. Prezidentning kamida uch muddatga saylanishi uchun zarur huquqiy tayyorgarlikni amalga oshirish uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz va bunga erishamiz”, deb qo‘shimcha qildi Baxcheli.
Toyib Erdo‘g‘an 2003 yildan beri hokimiyat tepasida. U 2014 yilgacha Bosh vazir bo‘lgan. 2014 yil avgustida Erdo‘g‘an 51,8 foiz ovoz bilan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi (mamlakatdagi birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezidentlik saylovi).
2018 yilda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida Erdo‘g‘an prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichida 52,5 foiz saylovchining ovozi bilan g‘alaba qozongan edi.