Erdo‘g‘an Turkiya atrofidagi o‘yinchilarga ogohlantirish bilan chiqdi
Olam
−
11 Oktabr 2023
11687Turkiyani tazyiqlar, yashirin va ochiq siyosiy o‘yinlar, makkor iqtisodiy tuzoqlar boshqarib bo‘lmasligini hamma tan olishi kerak. Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an parlamentdagi chiqishida so‘z ochdi.
U o‘z nutqida kun tartibidagi asosiy mavzu chegaralarga tahdid solayotgan terror tashkilotlariga qarshi kurash ekanligini bildirgan. Mamlakatning Suriya va Iroqda terrorchilik tashkilotlariga qarshi amalga oshirgan harbiy operatsiyalariga to‘xtalib, shunday degan:
“Terror tashkiloti a’zolarini istalgan vaqtda va har joyda yo‘q qilishimizni ko‘rsatib, bir muddat davom etgan shiddatli havo operatsiyalarini davom ettiramiz. Bu kurashda terroristlar tarafiga o‘tib, bizga zarar yetkazayotganlarga oxir-oqibat javob berishimizga hech kim shubha qilmasligi kerak. Suriyadagi terror tashkilotini qo‘llab-quvvatlab, Fors ko‘rfazi urushi davridagi hisob-kitoblarini davom ettirishga urinayotganlarning endi umumiy milliy manfaatlarimiz talab qiladigan oqilona siyosatga qaytishini umid qilamiz. Turkiya ittifoqchilik aloqalari bo‘lgan har bir davlat va muassasa qonunlariga hurmat bilan qaraydi va ulardan ham o‘z qonunlariga xuddi shunday hurmat ko‘rsatishini kutadi. Agar bu muvozanatni o‘rnatib bo‘lmasa, har kimning o‘z siyosati va o‘z yo‘lini belgilash huquqi qonuniy huquqqa aylanadi. Biz ittifoqchilarimiz bilan birgalikda xavfsiz, tinch va farovon umumiy kelajak sari qadam tashlashni chin dildan xohlaymiz”.
U so‘zida davom etarkan, Turkiya mintaqada mehmon emas, balki mezbon ekani, tashqaridagi o‘yinchilar esa shunga yarasha qadam tashlashi kerakligini eslatdi.
“Bu mamlakatni endi tazyiqlar, yashirin va ochiq siyosiy o‘yinlar, makkor iqtisodiy tuzoqlar boshqarib bo‘lmasligini hamma tan olishi kerak. Biz hali ham mandat orzusida yurganlarni teng huquqli sheriklik asosidagi siyosiy, diplomatik va iqtisodiy munosabatlarning yangi modelini o‘zlashtirishga va zarur ishlarni qilishga taklif qilamiz. Ming yildan buyon shu yerlarda yashab, badalini to‘lab kelamiz. Biz bu geografiya va sivilizatsiyaning yo‘lovchilari emas, balki mezbonlarimiz. Bu yerda yo‘lovchi bo‘lganlar o‘z pozitsiyalarini qayta ko‘rib chiqishlari va shunga muvofiq harakat boshlashlari manfaatli bo‘ladi”, deydi Turkiya rahbari.
U, Turkiyaning etnik kelib chiqishi, e’tiqod va mazhab farqlari, siyosiy va ijtimoiy manfaatlar to‘qnashuvi nuqtai nazaridan dunyoning eng zaif mintaqasida joylashganligini ta’kidladi. Ibn Xaldunning “Geografiya taqdirdir” degan so‘zlari fikrlarining eng sodda va eng yorqin ifodasi ekanligiga diqqat qaratdi.
“Biz tariximiz va geografiyamiz, ular bizga yuklayotgan qadarimizni o‘zgartira olmasligimiz va bunday niyatimiz bo‘lmagani uchun hozirgi sharoit imkon beradigan eng yaxshi, eng to‘g‘ri va xavfsiz yo‘ldan borishimiz shart. Atrofimizdagi barcha voqealarni Rossiya-Ukraina urushidan Kavkazdagi to‘qnashuvlarga, Bolqondagi taranglikdan O‘rta Yer dengizidagi to‘qnashuvlarga qadar shu tushuncha bilan baholaymiz”, deydi Erdo‘g‘an.
LiveBarchasi