Erdo‘g‘an Tog‘li Qorabog‘ mojarosida Minsk uchligini aybladi
Olam
−
27 Sentabr 2020
15701Bugun, 27 sentyabr kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qildi.
Turkiya Prezidenti Ozarbayjon davlati va xalqiga Armaniston harbiylari bilan qurolli to‘qnashuvda tinch aholi vakillari va harbiy xizmatchilar vafot etgani munosabati bilan hamdardlik bildirgan. Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiya har doimgidek Ozarbayjonning yonida ekanligini ta’kidlagan.
O‘z navbatida Aliyev ta’ziya uchun minnatdorlik bildirib, Tog‘li Qorabog‘ mojarosini hal etishda Turkiya Prezidenti Ozarbayjonni doimiy qo‘llab-quvvatlashini yuqori baholagan.
Prezident Ilhom Aliyev Armanistonning Ozarbayjonga qarshi harbiy provokatsiyasi natijasida frontda sodir bo‘lgan voqealar haqida ma’lumot bergan.
Davlat rahbarlari do‘st va qardosh Ozarbayjon bilan Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar bundan keyin ham muvaffaqiyatli rivojlanib borishiga ishonch bildirgan.
Telefon orqali suhbatdan keyin Rajab Toyib Erdo‘g‘an voqealarga nisbatan munosabat bildirdi. O‘zining Twitter’dagi sahifasida qilgan bayonotida Erdo‘g‘an shunday deydi:
"Ozarbayjonga qarshi hujumlariga yangisini qo‘shgan Armaniston, mintaqadagi tinchlik va osoyishtalik uchun eng katta tahdid ekanligini yana bir bor namoyish etdi. Turk millati har doimgidek barcha vositalar bilan ozar birodarlari yonida”.
Prezident Erdo‘g‘an quyidagilarga e’tibor qaratdi:
"Armanistonning provokatsion tajovuziga munosabat bildira olmaydigan xalqaro hamjamiyat o‘zlarining ikkilamchi standartlarini yana bir bor namoyish etmoqda. Qariyb 30 yil davomida beparvo munosabatini saqlab kelayotgan Minsk uchligi, afsuski, yechimga yo‘naltirilgan ish tutishdan juda yiroq. Biz butun dunyo mamlakatlarini mustamlakachilik va zulmga qarshi kurashda Ozarbayjonning yonida bo‘lishga chaqiramiz”.
Erdo‘g‘an so‘zi oxirida Turkiya doim Ozarbayjon tarafidaligini alohida urg‘ulagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘ mojarosining alanga olishida Turkiyani ayblagandi.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari bugun, 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi. Armaniston esa hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlaganini aytmoqda. To‘qnashuvlar ortidan Baku rasman qurolli hujum boshlaganini e’lon qildi.
Mazkur holatga nisbatan allaqachon Rossiya va Turkiya Tashqi ishlar vazirliklari munosabat bildirdi.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev holat bo‘yicha xalqqa videomurojaat qildi.
LiveBarchasi