Erdo‘g‘an tez orada Putin bilan don bitimini muhokama qilmoqchi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an yaqin orada Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan don kelishuvi atrofidagi vaziyat yuzasidan muzokaralar o‘tkazish istagi borligini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 21 iyul kuni TRT telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochgan.

“Don yo‘lagi kelishuvining to‘xtatilishi nafaqat jahon oziq-ovqat narxlarining oshishiga, balki ba’zi mintaqalarda ocharchilikdan tortib, yangi migratsiya to‘lqinlarigacha bo‘lgan bir qator oqibatlarga olib keladi. Biz buning oldini olish uchun tashabbus ko‘rsatishdan tortinmaymiz. O‘ylaymanki, janob Putin bilan bu masalani batafsil muhokama qilamiz va gumanitar harakatning davom etishini ta’minlaymiz, G‘arb davlatlari ham bu masala bo‘yicha muayyan choralar ko‘rishi kerak”, degan Erdo‘g‘an.

Shuningdek, Turkiya rahbari Rossiyaning ham g‘alla kelishuvidan umidlari borligi, u don yo‘lagining faol ishlashini ma’qullashini aytgan. Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, u yaqin kelajakda g‘alla bitimini qayta boshlashni kutmoqda.

"Biz diplomatiyaning barcha vositalaridan foydalanamiz va bor kuchimizni bu masalaga qaratamiz. Urush sharoitida insoniyatga xizmat qiladigan murosaga allaqachon erishilgan va biz buni davom ettirish uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz. Turkiyaga qaytib kelgach, janob Putin bilan muzokaralar o‘tkazaman. Avvalo, biz telefon diplomatiyasiga amal qilamiz. Putinning avgust oyiga rejalashtirilgan tashrifi amalga oshsa, biz bu masalalarni batafsil muhokama qilamiz. Bu jarayonni kechiktirmasdan, don yo‘lagi kelishuvining davom etishini ta’minlaymiz, deb ishonaman”, deydi Erdo‘g‘an,

Turkiya Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, g‘alla kelishuvi tufayli jahon bozorlariga 33 million tonnadan ortiq don yetkazib berilgan, bu esa oziq-ovqat inqirozining oldini olgan.

Ma’lumot uchun, don kelishuvi 2022 yil 22 iyulda Istanbulda tuzilgan. U yerda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Rossiya, Turkiya va Ukraina ishtirokida ikkita hujjat imzolangan – Ukrainaning uchta portidan (Chernomorsk, Odessa va Yujniy) g‘alla eksporti uchun yo‘lak yaratish hamda Rossiya oziq-ovqat va o‘g‘itlarni eksport qilish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish to‘g‘risida. Tashabbus 2022 yil noyabrida 120 kunga, martgacha, keyin yana ikki marta – ikki oyga uzaytirilgan. Yakuniy muddat – 17 iyul kuni tugagan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 18 iyul kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi don yo‘lagi bo‘yicha kelishuvni to‘xtatilganini e’lon qilgandi.  Shundan so‘ng, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Moskvaning bu qarorini qoraladi. 

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga don yo‘lagi kelishuvini yoki unga o‘xshash loyihani uch tomonlama shaklda davom ettirish taklifi bilan rasmiy maktub yubordi. 

Bu orada Rossiya tomonidan Odessaga qilingan raketa va dron hujumi oqibatida 60 ming tonna g‘alla nobud bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Putin Erdo'g'an don bitimini

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing