Erdo‘g‘an Shimoliy Kiprni xalqaro miqyosda tan olishga chaqirdi
Olam
−
21 iyul 2980 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an xalqaro hamjamiyatni O‘rtayer dengizidagi orolning bo‘linishi, xususan, Kiprda “ikki davlatli yechim”ni qabul qilishga chaqirdi. Bu haqda Turkiya rahbari kecha, 20 iyul kuni Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga (SHKTR) qilgan tashrifi davomida, Kipr tinchlik operatsiyasining 51 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘z ochdi.
Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, Anqara Kiprda “ikki davlatli yechim” tamoyilini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi va xalqaro hamjamiyat Kipr masalasida real holat bilan hisoblashishi kerak.
“Turkiya har doim kiprlik turklarga birdamlik, tinchlik va farovonlik yo‘lida ko‘mak beradi. Turk kiprliklar yo‘lini to‘sish uchun qanday eshiklar yopilmasin, biz har doim yangi eshiklar ochishni, yangi yo‘llardan yurishni uddaladik”, degan Turkiya Prezidenti.
Turkiya Prezidenti Kipr turklariga qarshi o‘n yilliklar davomida davom etayotgan adolatsizlikni tugatish zarurligini ham alohida qayd etgan.
U, shuningdek, Turkiyadagi 86 million aka-ukalarning yuragi har doim Kipr bilan birga urishi, 51 yillik operatsiyada halok bo‘lgan shahidlar xotirasini yodga olgan.
Erdo‘g‘an, hozirda SHKTR xalqaro maydonda, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida vakillikka ega bo‘lganini aytib, buning ortida qattiq mehnat yotgani hamda bu harakatlar yana davom ettirilishini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Kipr mojarosi 1974 yilda Gretsiyada yuz bergan harbiy to‘ntarish ortidan Turkiyaning orolga harbiy aralashuvi oqibatida boshlandi. Shundan beri Kipr oroli shimoliy (turklar yashaydigan) va janubiy (yunonlar yashaydigan) qismlarga bo‘lingan. 1983 yilda Shimoliy Kipr Turk Respublikasi (SHKTR) mustaqilligini e’lon qildi, biroq u faqat Turkiya tomonidan tan olingan.
Turkiya Kipr masalasida “ikki davlatli yechim”ni doimo qo‘llab-quvvatlaydi, ya’ni Shimoliy va Janubiy Kipr alohida, teng huquqli davlatlar sifatida tan olinishi kerak, deb hisoblaydi. BMT va Yevropa Ittifoqi esa, aksincha, Kiprda yagona federal tuzum asosida birlashgan davlat barpo etish tarafdori.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Kipr Turk Respublikasi (SHKTR) prezidenti Ersin Tatar Nyu-Yorkdagi Kipr bo‘yicha kengaytirilgan 5+1 norasmiy uchrashuvida Kipr Respublikasi bilan chegara hududda quyosh energiyasi zonasini tashkil etish va yangi chegara punktlari ochish masalalasida hech qanday kelishuvga erisholmay qaytgani haqida xabar berilgandi. Tatar sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasi doirasida yana bir uchrashuv bo‘lishi kutilayotgani, yil oxirigacha esa 5+1 formatida navbatdagi yig‘ilish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi