Erdo‘g‘an Rossiya bilan ham siyosiy, ham harbiy hamkorlikni davom ettirmoqchi

Olam

image

Kecha, 24 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an telefon orqali muloqot qilib, Tog‘li Qorabog‘, Liviya va Suriyadagi vaziyatni muhokama qildilar. Suhbat ikki mamlakat rahbarlari Matbuot xizmatlari tomonidan turlicha yoritildi. Xususan, Kreml Matbuot xizmati muloqotda Suriya va Liviya, jumladan Minsk guruhi haqida so‘z borganini ochiqlamagan. 

Putinning Matbuot xizmatiga ko‘ra, telefon orqali muloqotda Rossiya, Ozarbayjon Prezidentlari va Armaniston Bosh vaziri (Vladimir Putin, Ilhom Aliyev, Nikol Pashinyan – tahr.) tomonidanjoriy yil 9 noyabr kuni qabul qilingan Tog‘li Qorabog‘ to‘g‘risidagi bayonotda belgilangan kelishuvlarning bajarilish jarayoni batafsil va har tomonlama muhokama qilingan. 

“Vladimir Putin sulh bitimi va tinch aholi xavfsizligini samarali ta’minlaydigan Rossiya tinchlikparvar kuchlari faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berdi. Shuningdek, ular qochqinlarni qaytarish, infratuzilmani tiklash va diniy va madaniy yodgorliklarni saqlash bilan bog‘liq dolzarb gumanitar muammolarni hal qilishning ustuvorligini ta’kidladilar. 

Mojaro zonasida o‘t ochishni to‘xtatish va barcha jangovar harakatlarni nazorat qilish markazini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar munosabati bilan fikr almashildi”, deyiladi Kreml xabarnomasida. 

Qayd etilishicha, ikkala tomon ham mintaqada barqarorlikni ta’minlash va tinch hayotni qaror toptirishga qaratilgan qadamlarni izchil va to‘liq amalga oshirish zarurligini ta’kidlagan. 

Suhbatda, shuningdek, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishning muhimligiga e’tibor qaratilib, o‘zaro munosabatlarning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan. 

Prezidentlar koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha kelgusidagi hamkorlikka intilishlarini bildirganlar. Vaksinalarni tayyorlash, ishlab chiqarish va ulardan foydalanish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. 

Erdo‘g‘anning Matbuot xizmatiga ko‘ra, suhbatda  Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi savdo hajmini oshirish, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, ayniqsa, Tog‘li Qorabog‘, Suriya va Liviyadagi o‘zgarishlar muhokama qilingan. 

Muloqotda, Prezident Erdo‘g‘an, Tog‘li Qorabog‘ muammosini hal etish va mintaqada uzoq muddatli tinchlikni ta’minlash uchun retrospektiv ravishda tashlangan qadamlar natijasida kuzatish va nazorat qilish maqsadida Turkiyaning Rossiya bilan hamkorlikda tashkil etayotgan Markazi faoliyatini tez orada boshlashini kutayotganini ma’lum qilgan. 

“Ozarbayjonning o‘z hududini to‘liq qaytarib olishiga nisbatan munosabatiga ishora qilgan Erdo‘g‘an, sulhni amalga oshirish jarayonida Armaniston tomonining doimiy yechimni qiyinlashtirish va kelishuv bilan bog‘liq mas’uliyatlardan qochishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini ta’kidladi.

Davlat rahbari Minsk guruhi boshqa hamraislarining tinchlik sa’y-harakatlarini tanqid qilganlarini qabul qilish mumkin emasligini aytdi”, deyiladi Turkiya rahbari Matbuot xizmati xabarida. 

Erdo‘g‘an Suriyadagi mojaroni to‘xtatish uchun Tog‘li Qorabog‘dagi kabi aniq va tezkor qarorlar qabul qilish kerakligini aytgan. U Liviyaning birligi va yaxlitligini saqlash uchun Turkiya va Rossiyaning ham siyosiy va ham harbiy hamkorligini doimiy ravishda davom ettirish kerakligini urg‘ulagan. 


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

64

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing