Erdo‘g‘an Putinni G‘arbdan himoya qilib chiqdi
Olam
−
26 iyul 2022
15391Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an G‘arb davlatlarining Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga nisbatan shu kunlarda ko‘rsatayotgan munosabatini qoraladi. Uning qayd etishicha, G‘arb Putinga qanday munosabat qilsa, albatta, Putindan ham xuddi shunday javobni oladi – salomga yarasha alik. Bu haqda Prezident TRT telekanaliga bergan intervyusida gapirgan.
Erdo‘g‘an joriy yilning 18-19 iyul kunlari Tehronda bo‘lib o‘tgan “Ostona jarayoni” uchlik (Rossiya, Turkiya, Eron – tahr.) sammiti va Putin bilan o‘tkazgan yakkama-yakka uchrashuviga baho berdi.
“Putin bilan uchrashuvimiz haqiqatdan ham boshqacha bo‘ldi. Chunki hozir biz Putin-Zelenskiy ishida juda muhim rol o‘ynayapmiz. Biz hech kimga dushman ko‘zi bilan qaramaymiz. Biz do‘stning ko‘zi bilan qaraymiz va shu tariqa, bizning nuqtai nazarimiz har ikki tomonning chinakam samimiy yondashuvini keltirib chiqaradi”, deydi Erdo‘g‘an.
U G‘arbning Putinga munosabatiga to‘xtalib, shunday deydi:
“Janob Putinga hozir G‘arbning yondashuvi ma’lum: bu siyosatchilarga yarashadigan yondashuv emas. Albatta, agar shunday qarasangiz, janob Putin sizga qanday qaraydi? U ham shunday javob qiladi. Urush tufayli yuzaga kelgan kon’yunkturaga qaramay, biz ikki tomonlama munosabatlarimizdagi muhim masalalarni osonlikcha hal qildik va bu ijobiy uchrashuv bo‘ldi, deb bemalol ayta olaman”, deydi Erdo‘g‘an.