Erdo‘g‘an Putin va Zelenskiy bilan gaplashib olishi kutilmoqda
Olam
−
14 aprel 2022
5855Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an yaqin kunlarda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan Ukrainadagi vaziyat yuzasidan telefon orqali muloqot qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li ma’lum qildi.
“Janob Prezidentimiz yaqin kunlarda yetakchilar bilan muzokaralarni davom ettiradi, biz, o‘z navbatida, rossiyalik va ukrainalik hamkasblarimiz bilan doimiy telefon aloqasini olib boramiz. Moskva bilan muzokaralarda ishtirok etgan Ukraina delegatsiyasi bilan ham muzokaralar olib borganman”, degan Chavusho‘g‘li NTV telekanaliga bergan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralar muhiti o‘zgargan.
“Ammo biz umidimizni yo‘qotmayapmiz, yetakchilar uchrashuvini tashkil etish, barqaror o‘t ochishni to‘xtatishga erishish uchun diplomatik sa’y-harakatlarimizni davom ettirmoqdamiz. Agar yaqin kunlarda jangovar harakatlar avj olib ketsa, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish qiyin bo‘ladi”, degan u.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya-Ukraina muzokaralari 28 fevralda, Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlaganidan to‘rt kun o‘tib boshlandi. Belarusda bir nechta uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, keyin muzokarachilar video aloqa orqali muloqotni davom ettirdi. 10 mart kuni Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan diplomatik forum doirasida Turkiya Rossiya va Ukraina Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Dmitriy Kulebaning uchrashuvini tashkil qildi. 29 mart kuni esa Istanbulda yuzma-yuz muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uning yakunlari bo‘yicha Rossiya delegatsiyasi Ukraina tomonidan o‘rganib chiqiladigan va mamlakat rahbariyatiga yetkaziladigan aniq shakllangan pozitsiya va takliflarni oldi.
LiveBarchasi