Erdo‘g‘an Pashinyan bilan shart qo‘ymay yarashishni taklif qildi
Olam
−
07 Oktabr 2022
3396Kecha, 6 oktyabr kuni Chexiya poytaxti Pragada Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Turkiya Prezidenti Toyib Erdo‘g‘an o‘rtasida kutilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasida quruqlikdagi chegarani ochish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo yuklarini amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi. Bu haqda Armaniston Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabar berdi.
"Tomonlar Armaniston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish kontekstida yuqori darajada to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashuvlar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘tkazish muhimligini ta’kidladilar. Pashinyan va Erdo‘g‘an Armaniston-Turkiya munosabatlarini normallashtirish jarayoni va bu boradagi mumkin bo‘lgan qadamlarni muhokama qildi”, deyiladi xabarda.
Armaniston hukumatida qayd etilganidek, Pashinyan va Erdo‘g‘an ikki davlat maxsus vakillari kelishuvlarini amalga oshirishni muhokama qilgan.
“Gap, xususan, uchinchi davlat fuqarolari uchun quruqlikdagi chegarani ochish, Armaniston va Turkiya o‘rtasida yuklarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo orqali tashishni amalga oshirish haqida ketmoqda”, deya xabar qildi Armaniston Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati.
Turkiya matbuotiga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida uchrashuv yopiq eshiklar ortida o‘tgan.
Erdo‘g‘anga ko‘ra, Turkiya va Armaniston mintaqada yaxshi qo‘shnichilik tamoyiliga asoslangan munosabatlarni to‘liq normallashtirishga erisha oladi.
“[Armaniston Bosh vaziri Nikol] Pashinyan bilan bo‘lgan uchrashuvimizda ba’zi talablar muhokama qilindi. Turkiya Armaniston bilan munosabatlarni normallashtirish uchun hech qanday old shart qo‘ymaydi. Armaniston Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasini tuzishi bilan biz bilan hech qanday muammoga duch kelmaydi”, deydi Erdo‘g‘an Pragadagi Yevropa siyosiy hamjamiyatining sammiti yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida.
Armaniston va Turkiya rahbarlari oxirgi marta 2009 yilda uchrashuv o‘tkazgan, o‘shanda Prezidentlar Serj Sargsyan va Abdulloh Gul Turkiyaning Bursa shahrida milliy terma jamoalar o‘rtasidagi futbol o‘yini chog‘ida uchrashgan edi.
Umumiy chegaraga qaramay, Armaniston va Turkiya o‘rtasida diplomatik aloqalar mavjud emas. 2009 yilda Syurixda ikki davlat Tashqi ishlar vazirlari diplomatik munosabatlar o‘rnatish va munosabatlar tamoyillari to‘g‘risidagi protokollarni imzolagan, biroq bu hujjatlar ikki mamlakatda ham ratifikatsiya qilinmagan. 2018 yil 1 mart kuni Armaniston protokollar bekor qilinganini e’lon qildi. 2021 yilda Armaniston va Turkiya munosabatlarni tartibga solish uchun maxsus vakillarni tayinladi.