Erdo‘g‘an NATO qarorgohidan turib Putin bilan orasini buzadigan gapni aytdi
Olam
−
25 mart 2022
73285Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an NATO qarorgohidan turib Rossiya va Putinning jig‘iga tegadigan gaplarni aytdi. Anqara ikki mamlakat – Rossiya va Ukrainani do‘st deb bilishi, ammo Qrimning anneksiyasini tan olmagani, bundan keyin ham tan olmasligi urg‘ulandi.
Davlat rahbarining qayd etishicha, Turkiya Ukrainaga nisbatan prinsipial siyosat yuritmoqda, NATO esa siyosiy va amaliy yordamini saqlab qolgan holda real yo‘ldan bormoqda.
“Biz bugun nafaqat Yevropa xavfsizlik arxitekturasi, balki global xavfsizlik tushunchasi ham tubdan o‘zgargan jarayonni boshdan kechirmoqdamiz.
NATO ittifoqchilari sifatida hozirgi o‘zgarishlarni va xavfsizlik muhitida alyans tomonidan ko‘rilgan choralarni baholash uchun birlashdik. 25 fevral kuni videokonferensiya orqali o‘tkazilgan sammitdan so‘ng NATO yana bir bor birlik va hamjihatligini namoyish etdi.
Turkiyaning 2014 yildan beri Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini kuchli qo‘llab-quvvatlagani hammaga ma’lum. Biz Qrimning anneksiya qilinishini tan olmaganmiz va tan olmasligimizni har fursatda bildirdik va buni davom ettirmoqdamiz”, deydi Rajab Toyib Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘an Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan harbiy harakatlarini ham mamlakat suverenitetiga hujum deb ta’rifladi.
“Sammit munosabati bilan men Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashimizni qat’iy ta’kidladim. Rossiyaning Ukrainaga hujumi bo‘yicha bizning pozitsiyamiz ana shu prinsipial siyosatga to‘g‘ri keladi va aniq. Urush oqibatida yuzaga kelgan halokat va insoniyat fojiasi yaqqol ko‘rinib turibdi. Vayron bo‘lgan shaharlar, deyarli vayronaga aylangan shifoxonalar, maktablar, uylar, butun borlig‘ini chamadonga solib ketayotgan qochqinlar, qo‘rquv va xavotir changalida qiynalgan begunoh bolalar urushning qonli yuzini eslatdi”, deydi Turkiya rahbari.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 24 mart kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan NATOning favqulodda sammiti yakunida alyansga a’zolar Ukrainaga qo‘shin yubormaslikka kelishib oldilar. Ammo NATO Ukrainani kimyoviy, biologik va yadroviy qurollardan, shuningdek, kibermudofaadan himoya qilish uchun uskunalar beradi.
LiveBarchasi