Erdo‘g‘an Mirziyoyevni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi
Jamiyat
−
24 iyul 2023
2617Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqot qilib, uni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bugun, 24 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon muloqotida ikki mamlakat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
Turkiya rahbari O‘zbekiston yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, o‘zbek xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilagan.
Shuningdek, Prezidentlar oliy darajadagi kelishuvlar ijrosining borishini ko‘rib chiqib, strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligiga e’tibor qaratgan.
Suhbatda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida ikki mamlakat yetakchi kompaniya va korxonalarining sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha istiqbolli loyihalarning yangi portfelini birgalikda ishlab chiqish muhimligi ta’kidlangan.
Mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 66 yoshni qarshiladi. Shu munosabat bilan bundan oldin respublika rahbarini Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Tojikiston rahbari Imomali Rahmon, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Qozog‘iston yetakchisi Qosim-Jomart To‘qayev hamda Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev tabriklagandi.