Erdo‘g‘an Makronga: “Mazlumning qarg‘ishini olma, bu qarg‘ish uradi”
Olam
−
09 dekabr 2019
7262Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning Islom dini va terrorizm haqidagi gaplariga nisbatan o‘ta og‘ir javob qaytardi.
Erdo‘g‘anning qayd etishicha, Makron NATOning Londonda o‘tgan sammitida so‘zga chiqib, o‘z nutqida islomiy terrorizm iborasini qo‘llagan.
“Men unga Islom so‘zining lug‘aviy ma’nosi “tinchlik” degani. Siz “islomiy terrorizm” iborasi bilan qanday qilib tinchlik va terrorni birlikda qo‘llashingiz mumkin? Qarshimizda turganda sukut qildi, lekin NATO sammitida yana shu so‘zlarni ishlatdi. Ko‘rib qo‘ying nima bo‘ldi. Parijda “sariq nimchalilar” maydonga chiqdi. Qani, hal et, to‘xtat. Nega to‘xtata olmayapsan? Nega ularni tinchlik nomi ostiga birlashtira olmayapsan? Mazlumning qarg‘ishini olma, sekin-sekin bu qarg‘ish uradi”, deydi Erdo‘g‘an.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev muqaddas islom dinining terrorizm bilan aloqador emasligini xalqaro minbardan aytib chiqqan ilk davlat rahbari sanaladi. U 2017 yil BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etib, shunday degan edi:
“Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz.
Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz.
Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi”.