Erdo‘g‘an Qrimni Ukrainaga qaytarish zarurligini aytdi
Olam
−
12 Sentabr
7976Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Qrim platformasi yetakchilarining 4-sammitidagi videomurojaatida Ukrainaning hududiy yaxlitligi haqidagi tezisni qo‘llab-quvvatlashini va Qrimning Ukrainaga qaytarilishi tarafdori ekanligini bildirdi. Bu haqda TRT Haber telekanali xabar berdi.
“Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashimiz o‘zgarishsiz qolmoqda. Qrimning Ukrainaga qaytarilishi xalqaro huquqning talabidir. Qrimning tub xalqlaridan biri bo‘lgan qrim-tatar-turk vatandoshlarimizning xavfsizligi va farovonligini ta’minlash ham tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir”, deydi Turkiya rahbari.
Erdo‘g‘an nutqi so‘nggida Ukrainadagi mojaro “Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga asoslangan adolatli va mustahkam tinchlik” bilan yakunlanishiga umid bildirdi.
Ma’lumot uchun, Qrim platformasi – Ukrainaning diplomatik tashabbusi bo‘lib, kelajakda Qrim muammosini xalqaro kun tartibiga qaytarish bo‘yicha doimiy xalqaro maslahatlashuv va muvofiqlashtirish mexanizmi sanaladi va Ukrainaning Qrim ustidan nazoratini tiklashga yordam beradi. Qrim platformasining ta’sis sammiti 2021 yil 23 avgustda bo‘lib o‘tgan va uning natijasida “Xalqaro Qrim platformasi ishtirokchilarining qo‘shma deklaratsiyasi” qabul qilingan. Bu yilgi sammitda qatnashish uchun AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi Ukrainaga bordi.
Eslatib o‘tamiz, Rajab Toyib Erdo‘g‘an “Qrim platformasi” o‘tgan yilgi sammitiga yo‘llagan videomurojaatida ham Turkiya birinchi kundanoq Qrimning noqonuniy anneksiya qilinishini tan olmaganini va Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini aytgandi.
LiveBarchasi