Erdo‘g‘an Qora dengizni jang maydoniga aylantirmaslikka chaqirdi

Olam

image
Putin Erdo‘g‘an bilan uchrashdi (video) north_east

Putin Erdo‘g‘an bilan uchrashdi (video)

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya va Ukrainani Qora dengizni harbiy harakatlar maydoniga aylantirmaslikka chaqirdi. Bu haqda u bugun, 13 dekabr kuni Turkmanistondan qaytish parvozi chog‘ida jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi.

“Bu na Rossiyaga, na Ukrainaga foyda keltiradi», dedi u . 

Turkmanistonda Erdo‘g‘an Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan edi.

Turkiya yetakchisi Qora dengizda xavfsiz kemachilikni saqlab qolishga chaqirdi. Shuningdek, Turkiya Prezidenti Rossiyaning harbiy tajovuzi ob’ektiga aylangan Ukrainada yaqin orada tinchlikka erishish mumkinligiga ishonch bildirdi. 

“Tinchlik yaqin, biz buni ko‘ryapmiz. Bizga kerak bo‘lgan yagona narsa — tinchlik yo‘lini tanlash”, dedi u. 

Erdo‘g‘an, shuningdek, Putin bilan uchrashuvdan so‘ng tinchlik rejasini AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan muhokama qilishni rejalashtirayotganini aytdi.

O‘sha kuni Turkiya Tashqi ishlar vazirligi ham Rossiya va Ukrainani Qora dengizda harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi. Anqara Odessa viloyatidagi Qora dengiz portiga berilgan navbatdagi Rossiya zarbasini qayd etib, unda xorijiy kema shikastlanganini ma’lum qildi. 

“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ekipaj a’zolari va yuk mashinasi haydovchilari evakuatsiya qilingan, Turkiya fuqarolaridan hech kim jabrlanmagan”, deya qayd etdi idora.

Bundan bir kun oldin Kiyevda Rossiya aviahujumi oqibatida  Odessa viloyatidagi port infratuzilmasiga zarba berilgani va unda turk kemasi shikastlangani haqida ma’lum qilingan edi. Turkiyaning Cenk kemachilik kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, kema meva-sabzavot va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini tashigan.

So‘nggi haftalarda Qora dengizda Rossiya yuklari tashilayotgan kemalarga bir qator hujumlar amalga oshirildi. Xususan, 2 dekabr kuni Turkiya sohillaridan taxminan 80 dengiz mili (taxminan 148 km) uzoqlikda Rossiyadan Gruziyaga yuk olib ketayotgan Midvolga 2 tankeriga hujum qilingani xabar qilingan edi.

28 noyabr kuni esa Qora dengizda Bosfor yaqinida Gambiya bayrog‘i ostida suzib yurgan Kairos va Virat nomli ikki tankerga hujum uyushtirildi. Turkiya sohil xavfsizligi bosh boshqarmasi xodimlari hujumdan keyin yong‘in chiqqan Kairos kemasidan 25 nafar ekipaj a’zosini evakuatsiya qildi. Virat kemasida 20 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan, ularning hayotiga xavf tug‘ilmaganini Turkiya transport va infratuzilma vaziri Abdulqodir Uralog‘lu ma’lum qildi. “Reuters” agentligiga ko‘ra, har ikki tanker Rossiyaning “soya flot”iga kiradi va G‘arb sanksiyalari ostida.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Ukraina Qora dengiz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing