Erdo‘g‘an Qirg‘izistonning salkam 60 mln dollarlik qarzidan voz kechdi
Olam
−
05 noyabr
3978Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 5 noyabr kuni Bishkekda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama muzokaralar paytida Qirg‘izistonning rasmiy Anqara oldidagi 58,9 million dollarlik tashqi qarzidan voz kechdi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Japarov esa Erdo‘g‘anga ushbu qarori uchun minnatdorlik bildirgan.
“Men Prezident Erdo‘g‘anga Qirg‘izistonning Turkiya oldidagi tashqi qarzini bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgani uchun minnatdorlik bildirmoqchiman”, degan Sadir Japarov.
Qayd etilishicha, Erdo‘g‘an rasmiy Bishkekning yashil iqtisodiyot loyihalari evaziga qarzlardan voz kechgan.
Ma’lumot uchun, 2024 yilning avgust oyi oxirida Qirg‘izistonning Turkiya oldidagi davlat qarzi 58,9 million dollarni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 4 noyabr kuni davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonga yetib bordi. Bishkek shahridagi “Manas” xalqaro aeroportida Turkiya rahbari va birinchi xonim Emine Erdo‘g‘anni Prezident Sadir Japarov va rafiqasi Oygul Japarova kutib olgan. Bugun, 5 noyabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti turkiyalik mavqedoshiga ot sovg‘a qildi. Bunga javoban Erdo‘g‘an Japarovga TOGG markali zamonaviy turk elektromobilini sovg‘a qildi. Turkiya Prezidenti mazkur tashrifi doirasida 6 noyabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ishtirok etishi kutilmoqda. Ushbu tadbir a’zo mamlakatlar o‘rtasida mintaqaviy hamkorlik va hamdo‘stlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi.
LiveBarchasi