Erdo‘g‘an Isroilning Eronga bergan zarbalari haqida kim rost gapirayotganini bilmasligini aytdi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Isroilning Eron hududiga bergan so‘nggi zarbalari haqidagi ikki tomonning bayonotlaridan qay biri to‘g‘ri ekanini bilmasligini aytdi. Bu haqda u bugun, 19 aprel kuni Istanbulda juma namozidan keyin matbuotning savollariga javob berayotganida so‘z ochdi.

"Hozirda Isroil va Eron turli gaplarni aytmoqda. Hech qanday mas’uliyat yo‘q, tushuntirish yo‘q. Eronning bayonotlaridan kelib chiqib, uni rost gapiryapti, deyish mumkin emas. Isroil haqida esa umuman bunday deb bo‘lmaydi", deydi Turkiya rahbari.

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, AQSH haqida ham xuddi shunday deyish mumkin.

“Biz BMT Xavfsizlik Kengashida Amerika Isroil tomonida ekanini ko‘ramiz. Hamma Falastinni qo‘llab-quvvatlasa-da, AQSH so‘nggi bayonotlarga qaraganda, Isroil tomonini olishda davom etmoqda. Biz boshqa hech narsani kutmagandik va buni yana bir bor tekshirish imkoniga ega bo‘ldik ", deydi Erdo‘g‘an.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi esa Isroil va Eronni ular o‘rtasidagi ziddiyatning doimiy mojaroga aylanib ketishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan qadamlardan tiyilishga chaqirgan.

"So‘nggi voqealardan kelib chiqqan holda, Isroilning Damashqdagi Eron elchixonasiga noqonuniy hujumi oqibatida yuzaga kelgan keskinlik doimiy mojaroga aylanib borishi xavfi borligi tobora oydinlashmoqda. Biz barcha tomonlarni mojaro chegarasining kengayishiga olib keladigan qadamlardan tiyilishga chaqiramiz”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 19 aprel kuni ertalab Amerikaning ABC telekanali AQSH rasmiysiga tayanib, Isroil Eron hududidagi ob’ektga raketa zarbasi bergani haqida xabar berdi. CNN amerikalik mulozimga tayanib, bu hujum Isroilning 14 apreldagi Eron hujumiga javobi bo‘lganini ta’kidladi.  

Eron matbuotida esa mamlakat shaharlariga hech bir davlat tomonidan hujum qilinmagani haqida xabar berildi. Eron Milliy kiberkosmik markazi vakili Husayn Daliryan X’dagi sahifasida Isfahon shahri osmonida urib tushirilgan uchuvchisiz samolyotlar respublika hududidan uchirilganini yozdi. Eron armiyasi qo‘mondoni general-leytenant Abdulrahim Musaviy Isfahon osmonida eshitilgan portlash havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarining noma’lum ob’ektlarga qarshi ishlashi natijasida sodir bo‘lganini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Eron Rajab Toyib Erdo'g'an Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made