Erdo‘g‘an Islom davlatlarining G‘azoga munosabatini tanqid qildi
Olam
−
30 Oktabr
5276Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlariga nisbatan islom olamining yetarli munosabat bildirmaganini tanqid qildi. Bu haqda u bugun, 30 oktyabr kuni Qur’onni yod olish va o‘qish bo‘yicha 9-xalqaro tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimida so‘z ochdi.
“Ayrim davlatlarni hisobga olmaganda, Islom olamidan hech qanday keskin munosabat yo‘qligini afsus bilan bildiraman”, dedi Erdo‘g‘an.
Turkiya yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, Isroil rahbariyati tinchlikni, inson huquqlarini, matbuot erkinligini va demokratiyani himoya qilish vazifasiga ega bo‘lgan barcha tuzilmalarni bo‘ysundirgan.
“Insoniyatning dushmani bo‘lgan Netanyaxuni to‘xtatish yoki qotillar to‘dasini javobgarlikka tortish uchun biror to‘siq chorasini ko‘rmayapmiz. Bu insoniyatning so‘nishi”, dedi Turkiya Prezidenti.
Shuningdek, u Falastin va Livan taqdiriga befarq bo‘lmagan barcha odamlarni yordamga chaqirgan.
“Biz yashashlari uchun tikilgan chodirlarda sionist qotillarning bombalarida tiriklay kuydirilib, shahid bo‘lgan birodarlarimiz oldida javobgarmiz. G‘azoda vayron bo‘lgan uylarining xarobalarida tasbeh va Qur’on bilan shahid bo‘lgan bolalarning oldida qarzdormiz”, dedi Erdo‘g‘an.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Erdo‘g‘an Istanbul shahrida “3+3” formatidagi davlatlar Tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvda Isroil mojaroni mintaqaga yoyish maqsadida provokatsiyalar uyushtirayotganini aytib, BMTning Isroilga qurol embargosi Tel-Avivni to‘xtatish uchun samarali qadam bo‘lishini ta’kidlagan edi.