Erdo‘g‘an Ilhom Aliyev bilan futbol ko‘rgani Ozarbayjonga keldi
Olam
−
15 iyun 2021
6923NATOning Bryusselda o‘tgan sammitidan keyin Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an rafiqasi Emina Erdo‘g‘an hamrohligida Ozarbayjonga keldi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Prezident va uning rafiqasini aeroportda Ozarbayjon Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Yoqub Ayyubov, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Halaf Halafov kutib olgan.
Tashrif doirasida Turkiya rahbari Ozarbayjonning Qorabog‘ viloyatidagi arman bosqinchiligidan ozod qilingan Shusha shahriga tashrif buyuradi va Ozarbayjon parlamentida nutq so‘zlaydi.
Rajab Toyyib Erdo‘g‘an avvalroq Shushada Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan keng ko‘lamli davlatlararo bitimni imzolashini aytgan edi.
Qayd etilishicha, Armaniston ishg‘olidan ozod bo‘lgan va g‘alabadan keyin Ozarbayjonning madaniy poytaxti, deb e’lon qilingan Shushada bo‘lib o‘tadigan ikki mamlakat rahbarlari uchrashuvida Turkiya-Ozarbayjon munosabatlari har tomonlama ko‘rib chiqiladi va hamkorlikni yanada chuqurlashtirish imkoniyatlari muhokama qilinadi. Shuningdek, Prezidentlar 16 iyun kuni Bakuda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha 2020 yilgi Yevropa chempionati guruh saralash uchrashuvini tomosha qilishadi.