Erdo‘g‘an G‘azo bo‘yicha betaraf qolgan davlatlarni o‘ziga og‘dirmoqchi
Olam
−
14 noyabr 2023
6653Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an yaqin orada BMT Bosh Assambleyasida Yaqin Sharqda o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyasi bo‘yicha ovoz berishda betaraf qolgan 45 davlat rahbarlari bilan telefon orqali muloqot qiladi. Bu haqda “Yeni Safak” gazetasi xabar berdi.
“U bir paytlar Rossiya bilan mojaroda Ukraina tarafini olgan, biroq G‘azodagi inqirozni hal qilish masalasida betaraf bo‘lgan mamlakatlardagi hamkasblari bilan gaplashmoqchi”, deyiladi xabarda.
11 noyabr kuni Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkilotining navbatdan tashqari sammitidan qaytgach, Erdo‘g‘an Prezident pulidagi jurnalistlarga Isroil va Falastin o‘rtasidagi ziddiyatni hal qilish uchun xorijlik mavqedoshlari bilan telefon orqali muzokaralarni faollashtirish niyatida ekanini aytgan. Turkiya rahbari BMTda G‘azo rezolyutsiyasi 121 davlat vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlangani Isroil va uni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ozchilikda qolganini ko‘rsatganini ta’kidlagan.
Qayd etilishicha, bo‘lajak telefon diplomatiyasi doirasida Erdo‘g‘an Afrika mamlakatlariga e’tibor qaratish niyatida. Bundan tashqari, u Albaniya, Avstraliya, Bolgariya, Finlyandiya, Estoniya va Ukraina rahbarlari bilan ham muloqot qilishni rejalashtirmoqda.
“Turkiya don yo‘lagi yaratish tashabbusi bilan ko‘plab mamlakatlarni oziq-ovqat inqirozidan qutqardi va Ukrainani Rossiya bilan urushda qo‘llab-quvvatlagan davlatlardan Falastin masalasida jim turmaslikni so‘raydi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Turkiya 27 oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Falastin-Isroil kelishuviga oid rezolyutsiya qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlagan va Isroildan uni amalga oshirishini, xususan, o‘t ochishni to‘xtatish, gumanitar koridor ochish va g‘azoliklarning asosiy resurslarga uzluksiz kirishini kutishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, Anqara Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaroni hal qilish masalasida kafil bo‘lishga tayyorligini ma’lum qilgan va xalqaro tinchlik konferensiyasi o‘tkazishni taklif qilgandi.
LiveBarchasi