Erdo‘g‘an G‘arbni ikkiyuzlamachilikda aybladi
Olam
−
09 noyabr 2023
6451Doimiy ravishda inson huquq va erkinliklari, demokratiya haqida gapiradigan G‘arb davlatlari Isroilning qirg‘inlariga uzoqdan tomoshabin bo‘lib turibdi. Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 9 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik kengashining 16-sammitidagi nutqida so‘z ochdi.
“Isroil tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirilgan 11 mingga yaqin g‘azolikning 73 foizi ayollar va bolalardir. G‘arb davlatlari tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanayotgan Isroil ma’muriyati insoniyatga oid barcha qadriyatlarni buzgan holda maktablar, masjidlar, cherkovlar, shifoxonalar, universitetlar va tinch aholi punktlarini bombalashda davom etmoqda. Biz hatto bolalarni o‘ldirishni oqlaydigan fanatizmga duch keldik”, deydi Turkiya rahbari.
Erdo‘g‘an G‘arb davlatlari Isroilning G‘azodagi ochiq genotsidiga panja ortidan qarashda davom etayotganini urg‘uladi.
“Bu davlat va tashkilotlar bolalar qotillarini tanqid qilish u yoqda tursin, o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirolmaydigan darajada ojizlar.Muqaddas kitobimiz Qur’onni fikr erkinligi bahonasida yoqib yuborayotganlarga ko‘z yumganlar, hatto, Falastin bayrog‘iga toqat qila olmaydi. 7 oktyabrdan buyon guvohi bo‘lganimiz ikkiyuzlamachilik misollarini ko‘p keltirish mumkin. Vaziyat yana bir bor musulmonlar o‘laroq birligimizni mustahkamlashimiz kerakligini ko‘rsatmoqda. Biz gumanitar sulhni ta’minlash va mojaro tarqalishining oldini olish bo‘yicha diplomatik tashabbuslarimizni davom ettirmoqdamiz”, deydi Erdo‘g‘an.
U aytganlarini misollar bilan dalilladi. Erdo‘g‘anning bildirishicha, bugungacha Turkiya G‘azo sektoriga 10 ta samolyotda 230 tonnadan ortiq insonparvarlik yordamini yuborgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 oktyabr kuni Istanbulda Falastinni qo‘llab-quvvatlash uchun miting bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqan Erdo‘g‘an Turkiya G‘azo sektoridagi qilmishlari uchun Isroilni harbiy jinoyatchi deb e’lon qilish niyatida ekanini aytdi.
LiveBarchasi