Erdo‘g‘an g‘arbliklarning G‘azo bo‘yicha pozitsiyasi haqida maqola yozdi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an G‘azo sektoridagi inqiroz bo‘yicha G‘arb mamlakatlarining sustkash pozitsiyasi xalqaro hamjamiyatga bo‘lgan ishonchni yemirayotganini aytdi. Bu haqda Prezidentning “Al Jazeera” nashri uchun yozgan maqolasida so‘z boradi.

Unga ko‘ra, bugungi kunga qadar Isroil hujumlari oqibatida asosan 61 mingdan ortiq falastinlik ayollar va bolalar halok bo‘lgan. Erdo‘g‘an bu nafaqat urush, balki maqsadli qirg‘in siyosatining ham aniq dalili ekanini ta’kidlagan.

Erdo‘g‘an G‘arbning bu fojiaga befarqligi yoki kuchsiz reaksiyasi falastinliklarning og‘ir ahvolini yanada og‘irlashtirayotganini, boshqa inqirozlarga tezkor javob berilgan bo‘lsa-da, G‘azoga bunday e’tibor berilmaganini qayd etgan. 

Unga ko‘ra, agar G‘azodagi vaziyatga ham Ukraina inqirozidek tez va keng ko‘lamli yondashilganida, bugun butunlay boshqa manzara bo‘lar edi.

Erdo‘g‘anning qo‘shimcha qilishicha, Turkiya G‘azo masalasida boshidan buyon qat’iy pozitsiyada turib, oziq-ovqat, dori va tibbiy yordam yetkazib bermoqda, yaradorlarni davolash uchun qabul qilmoqda.

Prezidentga ko‘ra, G‘azodagi zo‘ravonlik nafaqat Falastin xalqini, balki butun mintaqa barqarorligini xavf ostiga qo‘ymoqda. Isroil–Eron tangligi keng ko‘lamli to‘qnashuv xavfini oshirmoqda. 

Erdo‘g‘an darhol o‘t ochishni, hujumlarni to‘xtatish, gumanitar koridorlar ochish va xalqaro himoya mexanizmlarini joriy etishni taklif qilgan. U Isroilning xalqaro huquqni mensimasligi jinoyat sifatida tergov qilinishi kerakligini ta’kidlagan. 

Maqola yakunida u Falastin davlatining mustaqilligi va ikki davlatli yechim mintaqada tinchlikning yagona yo‘li ekanini qayd etgan. 

“Tarix G‘azodagi zulmga kim qarshi turganini ham, kim ko‘z yumganini ham yozib qo‘yadi. G‘azoning vaqti yo‘q, butun insoniyat vijdoni endi sinovda”, degan Erdo‘g‘an. 

Ma’lumot uchun, 2021 yilda Erdo‘g‘an “Adolatliroq dunyo mumkin” nomli kitobini nashr qilgan. Kitobda Erdo‘g‘an Yevropa davlatlarini va umuman G‘arbni global adolatsizlik va tengsizlikda ayblaydi. U BMT tizimi va xalqaro tartibdagi adolatsizliklarga e’tibor qaratib, ko‘pincha Yevropa davlatlarini faqat o‘z manfaatini ko‘zlashda ayblaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an G‘azo sektorida sodir bo‘layotgan voqealarni “insoniyatga qarshi jinoyat” deb atab, ularni e’tiborsiz qoldirishni jinoyatga sheriklik sifatida baholagandi. Erdo‘g‘anga ko‘ra, Isroil tomonidan G‘azoga gumanitar yordam kirishini to‘sib qo‘yish oqibatida yuzlab bolalar ochlikdan aziyat chekmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Isroil G'azo Al Jazeera

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing