Erdo‘g‘an Eron muvaqqat prezidentini Turkiya qo‘lloviga ishontirdi
Olam
−
20 may 2024 5250 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Eron prezidenti vazifasini bajaruvchi Muhammad Moxber bilan telefon orqali muloqot qilib, Anqara Tehronni og‘ir kunlarida qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Bu haqda Turkiya yetakchisi ma’muriyati ma’lum qildi.
“Prezident Erdo‘g‘an Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy, Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon va ularga hamrohlik qilayotgan delegatsiyaning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Turkiya ushbu og‘ir kunlarda Eronni qo‘llab-quvvatlashini, Eron xalqining qayg‘usiga sherik ekanini va kelajakda Eronga nisbatan qo‘shnichilik va birodarlik to‘g‘risidagi qonun-qoidalariga amal qilishini ta’kidladi", deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, kecha, 19 may kuni Eron Prezidentini olib ketayotgan vertolyot Eron shimoli-g‘arbiy qismida qiyin qo‘nishni amalga oshirdi. Eron delegatsiyasi Ozarbayjondan qaytayotgan edi, u yerda Raisiy Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashgan. Umuman olganda, Prezident korteji uchta vertolyotdan iborat bo‘lib, ulardan ikkitasi xavfsiz qo‘ngan.
Qidiruv operatsiyasi 12 soatdan ortiq davom etdi. 20 may kuni Eron Qizil yarim oy jamiyati vertolyot qulagan joyni topdi. Raisiy, mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati gubernatori Malik Rahmati va boshqa rasmiylar vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘lgan. Hammasi bo‘lib, bortda kamida sakkiz kishi, jumladan, ikki uchuvchi va bir texnik xodim bo‘lgan.
Vertolyot qulagan joyda qutqaruv ishlari yakunlandi. Qurbonlarning jasadlari Sharqiy Ozarbayjon viloyatining markazi Tabrizga yetkaziladi.
Eronning amaldagi vitse-prezidenti Muhammad Moxber vaqtinchalik Eron Prezidenti bo‘lishi ma’lum qilindi. Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Bageri Kani esa sobiq tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon vafotidan keyin vaqtinchalik tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Mamlakat parlamenti Ichki ishlar qo‘mitasi raisi Muhammad Solih Jokar Eronda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari kelasi 50 kun ichida bo‘lib o‘tishi kerakligini aytdi. Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Prezident Ibrohim Raisiy va uning hamrohlari vertolyot halokatida vafot etgani munosabati bilan 5 kunlik motam e’lon qildi. Raisiyning dafn marosimi ertaga, 21 may kuni Tabriz shahrida bo‘lib o‘tishi bildirildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham Muhammad Moxber bilan telefon orqali muloqot qilib, hamdardlik bildirgandi.