Erdo‘g‘an dunyoni LGBTga qarshi kurashga chaqirdi

Olam

image

2024 yilgi yozgi Olimpiada o‘yinlarining ochilishida ro‘y bergan sharmandalik, unda besoqolbozlikning ochiqdan-ochiq targ‘ib qilinishi va qo‘llab-quvvatlanishi insoniyat duch kelayotgan xavfning asl mohiyatini va darajasini ochib berdi. Bunga Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 24 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 79-sessiyasidagi nutqida to‘xtaldi. 

“Jamiyat tayanchi bo‘lgan oila institutiga hujumlar tobora kuchayib bormoqda. 2024 yilgi Olimpiada o‘yinlarining ochilishida sahnaga olib chiqilgan razolat insoniyat o‘laroq biz duch kelayotgan xavf darajasini ochib berdi. 

Begunoh bolalar, har xil yoshdagi va turli e’tiqoddagi yuzlab million kishilar tomonidan tomosha qilingan sport tadbiridan jinssiz qilib, tashviqot maqsadida, juda xunuk tarzda foydalanilgan. O‘sha yovuz manzaralar nafaqat katolik va nasroniy dunyosini, balki musulmonlarni va e’tiqodlarni hurmat qiladigan har bir kishini chuqur yaraladi”, deydi Erdo‘g‘an.

Turkiya rahbariga ko‘ra, LGBTni neytrallash masalasi endi tanlov emas, balki butun dunyo bo‘ylab majburlash, tom ma’noda muqaddas va tabiiy narsalarga qarshi urushga aylangan va bu jarayonda oldingiga qaraganda ko‘proq kurashish lozim. 

Uning qayd etishicha, besoqolbozlikka qarshi turganlar, bu hodisalarga munosabat bildirganlarning ovozi o‘chirilmoqda va sharmandali kapmaniyalarga duchor qilinmoqda. 

“Nima bo‘lishidan qat’i nazar Turkiya zanjirlarni uzish va qo‘rquv muhitiga qarshi turishga qaror qildi. Shu maqsadda biz Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Oila do‘stlari guruhi”ga a’zo bo‘ldik. Umid qilamizki, biz boshqa a’zo davlatlar bilan hamjihatlikda oila, odamlar va tabiatni himoya qilishdan bosh tortmaymiz. Men biz bilan bir xil tashvishlarga ega bo‘lgan mamlakatlarni bu kurashga taklif qilaman”, deydi Turkiya Prezidenti.

Ma’lumot uchun, Olimpiadaning ochilish marosimi diniy yetakchilar va xalqaro hamjamiyat tomonidan nasroniylarning diniy tuyg‘ularini haqorat qilgani uchun tanqid qilindi. Ochilish marosimida ayollar kiyimini kiyib, pardoz qilib olgan erkak ijrosi rassom Leonardo da Vinchining "So‘nggi kechki ovqat" kartinasiga provokatsion parodiya sifatida baholandi. 

Fransiya katolik cherkovi, bir qator nasroniy uyushmalari, jumladan, Yaqin Sharq cherkovlari kengashi va Vatikan Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimiga bunday sahnaning kiritilishini keskin qoraladi. 

Shuningdek, Olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida Fransiya hukumati boshpanasiz va noqonuniy muhojirlarni, jumladan, voyaga yetmaganlarni Parij va uning atrofidagi hududlardan haydab chiqardi. 

2023 yil aprelidan 2024 yil mayigacha 12 545 kishi ko‘chirildi. Bu haqda aholining eng zaif qatlamlari – boshpanasizlar, migrantlar, giyohvandlikka chalinganlar, odam savdosi qurbonlari va boshqalarga yordam beradigan yuzdan ortiq uyushma va tashkilotlarni o‘z ichiga olgan “Le Revers de la médaille” assotsiatsiyasi hisobotida aytiladi. Uysizlar avtobusda Fransiyaning turli shaharlariga, jumladan, Strasburg va Orleanga olib ketilgan. 

2023 yil sentyabr oyida Fransiya sport vaziri Ameli Oudea-Kastera mamlakat olimpiya terma jamoasidagi fransiyalik ayol sportchilarga Olimpiada o‘yinlarida hijobda yurish taqiqlanishini e’lon qilgan.

Fransiyalik yuguruvchi Sounkambe Silla hijobi tufayli O‘yinlarning ochilish marosimida ishtirok eta olmadi. Ammo ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va bir qator sportchilarning salbiy munosabatidan so‘ng sportchining ochilish marosimida maxsus qalpoqchada ishtirok etishi haqida kelishuvga erishildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an BMT

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing