Erdo‘g‘an dunyo ochlik jarligiga qulayotganini aytdi

Olam

image

Moddiy va texnologik imkoniyatlar eng yuqori darajaga yetgan XXI asrda dunyo aholisining beshdan bir qismi hamon ochlik va qashshoqlikdan aziyat chekayotganini qabul qilib bo‘lmaydi. Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 20 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 77-sessiyadagi nutqida so‘z ochdi. 

Koronavirus pandemiyasi sabab ta’minot zanjiridagi uzilishlardan qattiq zarba olgan global iqtisodiyotning Rossiya-Ukraina urushi bilan yana bir zarba to‘lqiniga duchor bo‘lganiga diqqat qaratgan Prezident Erdo‘g‘an shunday dedi: 

“Energetika, oziq-ovqat va xomashyo narxlarining ko‘tarilishi oqibatida yuzaga kelgan inflyatsiya bosimi butun dunyo bo‘ylab barcha iqtisodiyot va ijtimoiy farovonlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘zgarishlar energiya ta’minoti xavfsizligi muhimligini yana bir bor kun tartibiga chiqardi. Biz energiya masalasiga doimo raqobat emas, hamkorlik sohasi sifatida qaraganmiz. O‘z ehtiyojlarimizdan tashqari, mintaqaviy va global energiya xavfsizligini qo‘llab-quvvatlovchi ko‘plab loyihalarni amalga oshirdik. Ushbu qadamlarning to‘g‘riligi va ahamiyati so‘nggi o‘zgarishlarda o‘zini namoyon etdi”.

Uning qayd etishicha, bugun dunyo boshidan kechayotgan vaziyat oziq-ovqat xavfsizligini ham xavf ostiga qo‘ygan.

“Moddiy va texnologik imkoniyatlar eng yuqori darajaga yetgan XXI asrda dunyo aholisining beshdan bir qismi hamon ochlik va qashshoqlikdan aziyat chekayotganini qabul qilib bo‘lmaydi. So‘nggi o‘zgarishlar bilan dunyo 2030 yilga kelib ochlik darajasini nolga tushirishi kerak bo‘lgan barqaror rivojlanish maqsadlaridan uzoqlasha boshladi”, deydi Erdo‘g‘an. 

Uning ta’ikdlashicha, insoniyat oldida turgan bu qorong‘u manzarani umid nuri bilan yoritishning yagona yo‘li – haqqoniy va adolatli yondashuv bilan xalqaro hamkorlik va birdamlikni mustahkamlashdir. 

“Mushtarak taqdirimizga ta’sir etuvchi muammolarga qarshi mushtarak kun tartibi bilan harakat qilishimiz kerak bo‘lgan davrga kirdik”, deydi Turkiya rahbari. 


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an BMT

Baholaganlar

237

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing