Erdo‘g‘an davlat ravnaqi uchun xalqni “kal amaki”dan voz kechishga chaqirdi
Olam
−
27 noyabr 2019
10227Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyi Erdo‘g‘an mamlakat fuqarolariga murojaat qilib, ularni milliy valyuta foydasiga dollardan voz kechishga chaqirdi.
“Davlatimizga ishongan va unga investitsiya kiritganlar hamisha yutgan va yutishda davom etmoqda. Dollardan voz keching, keling, turk lirasiga o‘tamiz, keling, o‘zligimizni, mustaqilligimizni namoyish qilamiz”, dedi Erdo‘g‘an parlamentdagi chiqishi chog‘ida.
U o‘z murojaatida Turkiya iqtisodi barqarorlashayotganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya va Turkiya o‘zaro tovar ayirboshlashda “kal amaki”dan voz kechib, milliy valyutada oldi-berdi qilishga kelishib olgan edi.
Hozirda jahon savdosidagi oldi-sotdining 70 foizi dollarda amalga oshirilmoqda, lekin Amerika valyutasining pozitsiyasi kundan-kunga zaiflashmoqda. Dollardan Vashingtonning sanksiyalar ro‘yxatiga tushgan mamlakatlar voz kechmoqda.
Bundan ikki yil ilgari Rossiya, Eron va Turkiya neft, gaz va qator tovarlar uchun hisob-kitobni milliy valyutada amalga oshirishga qaror qilishgandi. 2017 yilning o‘zidayoq qariyb 9 foiz turk eksporti milliy valyutada amalga oshirilgandi.
2018 yil avgustida Donald Tramp turk po‘lati importi tarifini ikki baravarga oshirdi. Shundan so‘ng lira dollarga nisbatan 20 foizdan ortiq qadrsizlandi. Anqara eksportyor oldiga milliy valyutada xalqaro hisob-kitoblarning ulushini oshirish uchun har qanday vosita va mexanizmni ishga solish vazifasini qo‘ydi.
Ayni kunlarda Turkiyada 1 AQSH dollarining turk-lirasiga nisbatan qiymati 5,76 ga to‘g‘ri kelmoqda.
LiveBarchasi