Erdo‘g‘an bugun Putin va Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilmoqchi
Olam
−
04 yanvar 2023
3517Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 4 yanvar kuni rossiyalik mavqedoshi Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan alohida-alohida telefon orqali muloqot qiladi. Bu haqda NTV telekanali efirida Turkiya davlat rahbari matbuot kotibi Ibrohim Qalin ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Anqara ikki davlat o‘rtasidagi harbiy mojaroni hal qilish uchun ham Moskva, ham Kiyev bilan intensiv diplomatik aloqalarni davom ettirmoqda.
“Tashqi ishlar va mudofaa vazirlarimiz, razvedka xizmati rahbari va boshqa hamkasblarimiz har ikki tarafdagi hamkasblari bilan muzokaralar olib bormoqda”, deydi Qalin.
Uning eslatishicha, Turkiya ikki tomon vakillarining muzokara stolida uchrashuvini o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan yagona davlatdir.
“Avval Antaliyada, keyin Istanbulda muzokaralar bo‘ldi. Afsuski, davomi yo‘q edi. Lekin, o‘zingizga ma’lumki, Prezidentimiz ikki davlat rahbarlarini bir necha bor yig‘ilishga chaqirgan. Biz ushbu chaqiriqni aytishda va bu yo‘nalishda harakat qilishda davom etamiz”, deydi u.
Turkiya Prezidentining matbuot kotibi, shuningdek, “Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni yoyish va chuqurlashtirish”ning juda yuqori xavfi haqida ogohlantirdi.