Erdo‘g‘an bilan Putinning Suriya va Liviya masalasida gapi bir joydan chiqdi
Olam
−
06 avgust 2022
5861Turkiya va Rossiya Suriyadagi barcha terror tashkilotlariga qarshi kurashda birdamlik va hamjihatlikda harakat qiladi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Sochida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bu borada qat’iyligini tasdiqladi.
Prezidentlar Erdo‘g‘an va Putin o‘rtasidagi muzokaralar yakunida qo‘shma bayonot e’lon qilingan.
Bayonotda aytilishicha, ikki davlat rahbarlari Turkiya-Rossiya munosabatlarini barcha mavjud mintaqaviy va global muammolarga qaramay, xalqaro majburiyatlarga muvofiq, o‘zaro hurmat va manfaatlarni tan olish asosida rivojlantirishga qaratilgan mushtarak pozitsiyani tasdiqladi.
Liderlar mintaqaviy masalalar kontekstida Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi samimiy va ishonchli munosabatlarning mintaqaviy va xalqaro barqarorlikni o‘rnatish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etishini qayd etgan. Shu nuqtai nazardan, ikki davlat rahbarlari Ukraina portlaridan g‘alla va oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsiz tashish bo‘yicha Istanbul kelishuviga erishishda ikki davlat o‘rtasidagi konstruktiv munosabatlar muhim rol o‘ynaganini tasdiqlagan.
Erdo‘g‘an va Putin Suriyadagi vaziyatga to‘xtalib, mamlakatda yakuniy barqarorlikka erishish uchun siyosiy jarayonni olg‘a siljitishga ahamiyat berish muhimligini qayd etgan.
Liderlar, Suriyaning siyosiy birligi va hududiy yaxlitligini himoya qilish muhimligiga ishora qilib, Suriyadagi barcha terror tashkilotlariga qarshi kurashda hamjihatlikda harakat qilishda qat’iy ekanliklarini tasdiqlagan.
Shuningdek, Prezident Erdo‘g‘an va Putin Liviya suvereniteti, hududiy yaxlitligi va milliy birligiga qat’iy sodiqligini bildirgan. Liviyaliklar o‘rtasida ehtimoliy eng keng konsensus asosida erkin, adolatli va ishonchli saylovlar o‘tkazish muhimligini ta’kidlagan ikki yetakchi, BMT homiyligidagi siyosiy jarayonni qo‘llab-quvvatlashini urg‘ulagan.
Erdo‘g‘an va Putin Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi Oliy darajadagi hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishini Turkiyada o‘tkazishga kelishib olgan.
Eslatib o‘tamiz, Putin va Erdo‘g‘an Sochidagi uchrashuvda Turkiyaga yetkazib berilayotgan gaz uchun to‘lovni qisman rublga o‘tkazish masalasida ham kelishuvga erishdi.
LiveBarchasi