Erdo‘g‘an Bayden bilan uchrashib, chala qolgan ishni oxiriga yetkazmoqchi
Olam
−
13 avgust 2022
4528Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jo Bayden va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an joriy yilning sentyabr oyida Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi doirasida uchrashishi mumkin. Bu haqda “Sabah” gazetasi manbalarga tayanib, xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda davlat rahbarlari Turkiyaga Amerikaning F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish masalasini muhokama qiladi.
“Turkiyaning AQSHdan F-16 samolyotlarini sotib olishi bo‘yicha muzokaralar anchadan beri davom etmoqda. Kelgusi oy Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan BMT sammiti chog‘ida Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Jo Baydenning kutilayotgan ehtimoliy uchrashuvi chog‘ida bu masala muhokama qilinadi”, deyiladi xabarda.
Nashrga ko‘ra, Turkiya Qo‘shma Shtatlardan F-16 qiruvchi samolyotlarini sotib olish jarayonini tezlashtirmoqchi. Shu munosabat bilan Anqara rasmiylari Pentagondan bu masalani AQSH Kongressiga taqdim etishni talab qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 iyun kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden Madridda o‘tgan NATO sammitidan so‘ng Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi va suhbat davomida AQSH Turkiyaga F-16 qiruvchilarini yetkazib berishi hamda modernizatsiyasini yo‘lga qo‘yishini, bu haqidagi hujjatni Kongress tezroq ma’qullashiga ta’sir ko‘rsatishini va’da qildi.
30 iyun kuni NATO sammiti yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Jo Bayden Turkiyaga F-16 qiruvchi samolyotlarini sotish bo‘yicha Kongress roziligini olishga umid qilayotganini aytdi.
Avvalroq Turkiya AQSHdan 40 ta F-16 Block 70 rusumli qiruvchi samolyot va 80 ta Block 70 rusumli havo kemalarini yangilash to‘plamlarini so‘ragan edi. Anqarada F-16 ni sotib olish istagi Rossiyadan S-400 zenit-raketa majmuasini sotib olish munosabati bilan beshinchi avlod F-35 qiruvchi samolyotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Amerika dasturidan chiqarilganidan keyin e’lon qilindi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 5 avgust kuni Sochida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘an yuzma-yuz uchrashgan edi. Ular to‘rt soatdan ko‘proq suhbatlashgandi.
LiveBarchasi