Erdo‘g‘an Ar-Riyodda ham G‘azo masalasini ko‘taradi

Olam

image

Joriy yilning 12 noyabr kuni Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Islom hamkorlik tashkiloti sammitining asosiy mavzusi o‘t ochishni to‘xtatish va G‘azo sektoridagi inqirozni bartaraf etish bo‘ladi. Bu haqda Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘an Toshkentda o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitidan qaytgach, jurnalistlarga ma’lum qildi. 

“Ushbu sammitning asosiy mavzusi Isroil va Falastin o‘rtasidagi urush bo‘ladi. Biz u yerda masalaning barcha tafsilotlarini muhokama qilish va insonparvarlik sulhini imkon qadar tezroq ta’minlash uchun muzokaralar olib borish maqsadida yig‘ilamiz. Biz Islom hamkorlik tashkiloti davlatlarining har biri nima qila olishi, Fors ko‘rfazi davlatlari nima qila olishi, Fors ko‘rfazi davlatlaridan tashqaridagilar nima qilishi mumkinligiga e’tibor qaratamiz. Shuning uchun men Ar-Riyoddagi uchrashuvga katta ahamiyat beraman. Islom davlatlarining Falastin masalasiga nisbatan munosabati ma’lum va biz o‘t ochishni to‘xtatish va doimiy tinchlikni ta’minlash uchun ko‘p narsa qilishimiz mumkin. Biz hal qiluvchi, samarali va tinchlikka xizmat qiladigan choralar ko‘rishimiz kerak”, degan Erdo‘g‘an.

Turkiya Prezidenti Islom hamkorlik tashkiloti sammiti qarorlari Isroilning G‘azodagi agressiyasini to‘xtatish yo‘lida katta qadam bo‘lishi mumkinligiga umid bildirgan. 

"O‘ylaymanki, sammitda qabul qilinadigan qarorlar inqirozni hal qilish jarayonining davom etishi uchun juda muhim bo‘ladi. Mintaqa davlatlari va Islom olami ishtirok etayotgan yig‘ilishda qabul qilinadigan qarorlar Isroil tajovuzini to‘xtatish yo‘lida katta qadam bo‘ladi. Biz bu mintaqaning aholisimiz, bu yerga tashqaridan kelganlar kabi impulsiv va populistik siyosat olib borolmaymiz. Birdamlikda qaror qabul qilish mumkin va bu haqda Ar-Riyodda gaplashamiz. Bizning ustuvor va asosiy maqsadimiz tinchlikdir”, deydi Erdo‘g‘an.

Uning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar Isroil Yaqin Sharqda o‘t ochishni to‘xtatishga chin dildan erishmoqchi bo‘lsa, unga bosim o‘tkazishi kerak. 

"Bizga HAMASga qarshi chiqishlar va bo‘sh gumanitar shoular emas, aniq qadamlar kerak. AQSH va G‘arb yaxshiroq yo‘l xaritasini ishlab chiqmoqchimiz, deydi. Lekin BMT rezolyutsiyalaridan yaxshiroq variant bormi? Agar o‘t ochishni to‘xtatish borasida samimiy bo‘lsangiz, bu rezolyutsiyalarga rioya qilish uchun Isroilga bosim o‘tkazing. Biz bu qon oqayotgan yaraning kuchayishini to‘xtatish uchun nimadir qilishga harakat qilmoqdamiz. Agar Qo‘shma Shtatlar ham xuddi shunday tuyg‘uni baham ko‘rishni boshlasa, unda Isroilni to‘xtatish bundan ham osonroq bo‘ladi" degan Turkiya Prezidenti.

Shuningdek, Erdo‘g‘an Anqara Yaqin Sharq muammosini hal qilish yo‘llarini faol izlashda davom etayotganini va batafsil reja tayyorlayotganini aytgan. 

“Biz bu masalada barcha xalqaro platformalarni faol va operativ saqlashga harakat qilmoqdamiz. Biz o‘t ochishni to‘xtatishni ta’minlash uchun diplomatik vositalardan to‘liq foydalanamiz, suhbatdoshlarimizga to‘g‘ri, adolatli va doimiy yechim topish bo‘yicha yo‘l xaritasini tushuntirib, uni amalga oshirish uchun xalqaro jamoatchilik fikrini shakllantirishga harakat qilamiz. Biz o‘t ochishni to‘xtatishdan keyin qanday qadamlar tashlashni eng mayda detallarigacha rejalashtiramiz hamda mustahkam va barqaror tinchlik o‘rnatish uchun formulalar ishlab chiqamiz”, degan Erdo‘g‘an.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 noyabr kuni Turkiy Davlatlar Tashkilotining Ostonada bo‘lib o‘tgan 10-sammitida Rajab Toyib Erdo‘g‘an Falastinda butun dunyo ahli ko‘z o‘ngida misli ko‘rilmagan insoniyat fojiasi yuz berayotganini, TDTning Falastindagi inqiroz yuzasidan tutadigan pozitsiyasi boshqa xalqaro tashkilotlarga o‘rnak bo‘lishini aytgandi. Kecha, 9 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik kengashining 16-sammitida ham Erdo‘g‘an G‘azo masalasini ko‘targan va G‘arbni ikkiyuzlamachilikda ayblagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Saudiya Arabistoni Rajab Toyib Erdo'g'an G'azo Islom hamkorlik tashkiloti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing