Erdo‘g‘an yana G‘azodagi voqealarni qoralash bilan cheklandi
Olam
−
03 noyabr 2023 6196 2 daqiqa
Turkiy Davlatlar Tashkilotining Falastindagi inqiroz yuzasidan tutadigan pozitsiyasi boshqa xalqaro tashkilotlarga o‘rnak bo‘ladi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 3 noyabr kuni Turkiy davlatlar tashkilotining Ostonada bo‘lib o‘tgan 10-sammitidagi nutqida so‘z ochdi.
Uning alohida urg‘ulashicha, Falastinda butun dunyo ahli ko‘z o‘ngida misli ko‘rilmagan insoniyat fojiasi yuz bermoqda.
“Shifoxonalar, maktablar, masjidlar, cherkovlar va qochqinlar lagerlari bombardimon qilinmoqda. Begunoh bolalar vahshiylarcha o‘ldirilmoqda. 7 oktyabrdan buyon guvohi bo‘layotganimiz bu shafqatsizlikni tushuntirib beradigan yoki bahona qiladigan tushuncha yo‘q. Ochig‘ini aytganda, G‘azoda roppa-rosa 28 kundan beri insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilmoqda. Turkiya o‘laroq biz bu inqiroz boshlangan ilk davrdan prinsipial va insonparvar pozitsiyani egalladik”, deydi u.
Erdo‘g‘an, Anqara Isroil-Falastin masalasida tinch aholiga qarshi harakatlarni ma’qullamasligini har fursatda aytib kelgani va bundan keyin ham shu fikrda sobit qolishini bildirdi.
“Bizning ustuvor vazifamiz tezda insonparvarlik sulhini o‘rnatishdir. Shuningdek, biz musulmon, nasroniy yoki yahudiy bo‘lishidan qat’i nazar, barchaning xavfsizligini kafolatlaydigan yangi mexanizmlar ustida ishlayapmiz”, deydi Turkiya rahbari.
Shuningdek, u, xalqaro tinchlik konferensiyasi uchun zamin yaratish bo‘yicha harakatlarni davom ettirayotganini bildirdi. Hozirgacha Turkiyadan 10 ta samolyot to‘la gumanitar yordam G‘azo sektoriga yuborilgan.
“Sharoit imkon bersa, yangilarini jo‘natishda davom etamiz. Turk dunyosi sifatida birdamlik va hamjihatlikda harakat qilish, avvaliga qurolli to‘qnashuvlarni to‘xtatish, keyin esa doimiy tinchlik yo‘lini osonlashtiradi. Turk Davlatlari Tashkiloti sifatida tutadigan pozitsiyamiz boshqa tashkilotlarga ham o‘rnak bo‘ladi”, deydi Turkiya rahbari.
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, Turkiyaning “TRT Haber” telekanali bir necha kun avval Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ostonada bo‘lib o‘tadigan TDT sammitida G‘azodagi inqirozni hal qilish istiqbollari bo‘yicha mamlakat pozitsiyasini bayon qilishini aytgan edi. Shunga ko‘ra jamoatchilik va xalqaro ekspertlar Erdo‘g‘andan bundanda jo‘yali taklifni kutgandi. Biroq, Erdo‘g‘an yana G‘azodagi voqealarni qoralash bilan cheklandi.
Eslatib o‘tamiz, sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaro masalasiga to‘xtalib, mazkur muammoning yagona va eng adolatli yechimi nizoni "ikki xalq uchun ikki davlat" tamoyili asosida hal etish ekanini bildirdi.
Live
Barchasi