Falastin xalqi mustaqil davlat barpo etish huquqiga ega – Mirziyoyev
Jamiyat
−
03 noyabr 2023
10180Bugun, 3 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqib, Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaro masalasiga to‘xtaldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Bugungi kunda jahon miqyosida ishonch inqirozi tobora avj olmoqda. Global xavfsizlikni ta’minlashda yangi muammolar yuzaga kelmoqda va xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish holatlari kuchaymoqda. Ayniqsa, Yaqin Sharqda uzoq vaqtdan buyon davom etayotgan Isroil-Falastin muammosining nihoyatda xavfli tus olgani barchamizni jiddiy xavotirga solmoqda”, degan Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston rahbari qurolli to‘qnashuvlar oqibatida tinch aholi, ayniqsa, keksalar, ayollar va bolalar o‘rtasida halok bo‘lish va jarohatlanganlar soni keskin oshganini ta’kidlagan.
“Shu munosabat bilan biz tomonlarni jangovar harakatlarni va o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga va sulh tuzishga chaqiramiz. Mazkur muammoning yagona va eng adolatli yechimi nizoni „ikki xalq uchun ikki davlat“ tamoyili asosida hal etishdir. Falastin xalqi, BMT rezolyutsiyalarida belgilanganidek, mustaqil davlat barpo etish huquqiga ega”, deya ta’kidlaydi Mirziyoyev.
O‘zbekiston Prezidentining qo‘shimcha qilishicha, tashkilot doirasida ishtirokchi davlatlar rahbarlari bu masala bo‘yicha yakdil va qat’iy pozitsiyani butun dunyoga e’lon qilishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Falastin xalqi tomonida ekanini aytgandi. 1 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkil etish bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligiga gumanitar yordam ajratish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
LiveBarchasi