Erdo‘g‘an, Aliyev va Berdimuhamedov chala qolgan ishni tugatish uchun yana uchrashmoqchi
Olam
−
19 dekabr 2022
3893Turkiya, Ozarbayjon va Turkmaniston rahbarlari, uch davlat energetika vazirliklari rahbarlarining uchrashuvidan so‘ng, yangi sammit o‘tkazadi va turkman tabiiy gazining Yevropaga eksporti bo‘yicha yo‘l xaritasi haqida qaror qabul qiladi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 18 dekabr kuni mamlakat janubi-sharqidagi Mardin shahri yoshlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, turkman gazini Yevropaga yetkazib berish masalasi o‘tgan hafta Turkmanboshida bo‘lib o‘tgan Turkiya, Ozarbayjon va Turkmaniston sammitida muhokama qilingan.
“Biz uch davlat tomonidan bunday qadam tashlash imkoniyatini muhokama qildik. Biz: Nima uchun mumkin emas,dedik. Va tegishli ko‘rsatmalar berdik. Turkiya energetika vaziriga uning jamoasi bilan birgalikda Ozarbayjon va turkmanistonlik hamkasblari bilan dastlabki ishlarni olib borish topshirildi. Ushbu ishlardan so‘ng biz, uch davlat rahbari yangi yig‘ilish o‘tkazamiz va umid qilamanki, yo‘l xaritasi qanday bo‘lishini hal qilamiz. Turkmanistondan, ayniqsa, Ozarbayjon orqali mamlakatimizga tabiiy gaz yetkazib berilishi sa’y-harakatlarimizni osonlashtiradi”, deydi Erdo‘g‘an turkman ko‘k yoqilg‘isini Turkiya hududida tashkil etilishi rejalashtirilgan markaz orqali Yevropaga yetkazib berish imkoniyati haqida gapirar ekan.
Uning qayd etishicha, markaz yaratish mavzusi Turkiyada anchadan beri kun tartibida.
“Biz bu masalani hurmatli [Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir] Putin bilan bir necha bor muhokama qildik. U Turkiyani Yevropaga tabiiy gaz yetkazib beradigan markaz sifatida qabul qildi. Va nafaqat gaz yetkazib berish, balki narxini ham belgilab beradi. Biz bunga rozi bo‘ldik”, deydi Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘an turkman gazini ham Ozarbayjon yordami bilan Kaspiy dengizi orqali Turkiyaga olib kelib, so‘ng uni Yevropa mamlakatlariga pullashni rejalashtiryapti. Shu maqsadda 14 dekabr kuni Turkmanboshi shahrida Turkiya-Ozarbayjon-Turkmaniston Prezidentlarining birinchi uch tomonlama sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammitdan so‘ng Erdo‘g‘an Energetika vazirligi rahbariga bir oy muddatda turkman tabiiy gazini Yevropaga eksport qilish masalasini ishlab chiqishni topshirganini aytdi.
LiveBarchasi