Erdo‘g‘an hammasi “ha” degan javobga bog‘liqligini aytdi
Olam
−
17 Sentabr 2020
7097Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an mamlakat tashqi siyosatining qayta ko‘rib chiqilishini “yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan” deb atadi. U “Adolat va taraqqiyot” partiyasi yig‘ilishidagi videomurojaatida mamlakatning tashqi siyosatidagi bugungi masalalarga e’tibor qaratdi.
“Xo‘sh, nima deyishyapti? Turkiya Suriya, Liviya, O‘rta Yer dengizi, Afrika, Bolqon, Kavkaz, O‘rta Osiyoda nima qilyapti deyishyapti. Qisqasi Turkiya nima uchun kurashyapti?
Mayli, ularning savollari haqli deylik va Turkiya bu kurash maydoniga kirmasa nimalar bo‘lishi mumkinligi haqida mantiqan fikr yuritaylik. Masalan, Turkiya Suriyadagi mojarolarga aralashmasa, mamlakat tinch va osuda hayotga qovushadimi? Bugun Turkiya terroristlar yetishayotganiga panja ortidan qarasa, ertaga Iroqning shimolida birdan terroristlar yo‘q bo‘lib qoladimi? Turkiya bo‘lib o‘tgan voqealarga ko‘z yumsa, Liviyadagi muxolifat ortga chekinib, davlat boshqaruvini qonuniy egasiga topshiradimi? Aytaylik, Anqara tashqi siyosatdagi qadamlaridan butunlay voz kechsa, Fransiya bunga javoban xatolarini tan olib, sog‘lom siyosatga qaytadimi?
Yevropa Ittifoqi-chi, Turkiya barcha huquqlaridan voz kechsa, uzoq vaqt davomida mamlakatimizga nisbatan qo‘llanilgan ikki tomonlama standartlarni unutib, va’dalarini bajaradimi?
Mintaqada manfaatdor bo‘lgan mamlakatlar hamma narsani chetga surib, ortga qaytib ketadilarmi?
Davlatimizni doimiy ravishda iqtisodiy tuzoqqa tushirish uchun ter to‘kkanlar qilgan ishlaridan afsuslanib, bizga yordam beradilarmi?
Agar bu savollarga rost va samimiy “ha” degan javobni olsak, olib borayotgan siyosatimizni o‘zgartirishimiz mumkindir”, deydi Erdo‘g‘an.
U bugungacha ushbu savollarga aql-idrok bilan “ha” degan javobni bera oladigan hech kimni ko‘rmagani, eshitmaganini va tunimasligini aytadi.
Ma’lumki, ayni kunlarda Turkiyaning Gretsiya va Fransiya bilan ziddiyatlari ortib bormoqda. Buning ortidan Erdo‘g‘an Yevropa Ittifoqiga ham keskin munosabat bildiryapti.
U mamlakatning bugungi siyosiy irodasiga urg‘u berarkan, mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligi uchun nima qilish kerak bo‘lsa, hech narsadan top tortmasligini aytdi.
LiveBarchasi