Epidemiyaga tayyorgarlik reytingi e’lon qilindi. O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?
Jamiyat
−
15 dekabr 2021
10675Amerikaning Nuclear Threat Initiative notijorat tashkiloti, Jons Xopkins universiteti salomatlik xavfsizligi markazi va “Economist” jurnali tahlil markazi tomonidan tuzilgan epidemiyaga tayyorlik reytingida O‘zbekiston 82-o‘rinni egalladi.
Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston 55-o‘rinda, Qirg‘iziston 68-o‘rinda, Turkmaniston 119-o‘rinda, Tojikiston 140-o‘rinda joylashgan. Umuman olganda, reytingga dunyoning 195 ta davlati kiritilgan.
Birinchi o‘ntalikdan AQSH, Avstraliya, Finlyandiya, Kanada, Tailand, Sloveniya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Janubiy Koreya va Shvetsiya joy olgan. So‘nggi o‘n o‘rin Somali, Yaman, Shimoliy Koreya, Suriya, Ekvatorial Gvineya, Nauru, Markaziy Afrika Respublikasi, Tuvalu, Niue oroli, Venesuela va Janubiy Sudanga nasib etgan.
Reytingni tuzishda mamlakatlarga oltita toifa bo‘yicha ball berilgan. Birinchi toifa — “Oldini olish”. Unda mikroorganizmlarga qarshi kurash sifati va emlash darajasi hisobga olingan. Ikkinchi toifa — “Aniqlash”.
Uchinchi toifa — “Ta’sirlanish”. Bu favqulodda vaziyatlarga tayyorlik, sog‘liqni saqlash organlarining tayyorgarlik darajasi, inqirozga qarshi aloqa sifatini hisobga oladi.
To‘rtinchi toifa — “Sog‘liqni saqlash”. Unda shifoxonalar ishining sifati, shifokor va hamshiralar soni, karantin choralarini qo‘llash imkoniyatlari o‘rganiladi.
Beshinchi toifa — “Normalar”. Gap tematik qonunlarning sifati, xalqaro shartnomalarda ishtirok etish, epidemiyaga qarshi kurashni moliyalashtirish haqida bormoqda.
Oltinchi toifa — “Xavf”. U infeksiyalarga qarshi kurashni murakkablashtiradigan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, infratuzilmaviy va boshqa xavflarni hisobga oladi.
Umuman olganda, reyting tuzuvchilari jahondagi sog‘liqni saqlash holatini salbiy baholagan.
“Ko‘pgina mamlakatlar COVID-19 ga qarshi kurashish qobiliyatini tezda rivojlantira olgan bo‘lsa-da, ular hali ham kelajakdagi epidemiya tahdidlariga qarshi kurashishga xavfli darajada tayyor emaslar”, deb ta’kidlagan ular.
Qayd etilishicha, aksariyat davlatlar, jumladan, yuqori daromadli davlatlar epidemiyalarga tayyorligini oshirish uchun yetarli mablag‘ ajratmagan. Xatarlar deyarli hamma joyda oshib ketgan va zaif guruhlarning ehtiyojlari e’tibordan chetda qolmoqda.
2021 yilda dunyo bo‘yicha o‘rtacha ball 38,9 ni tashkil qiladi. Ko‘rsatkich 2019 yilga nisbatan deyarli o‘zgarmagan, ya’ni hali ham COVID-19 saboqlariga sezilarli reaksiya bo‘lganicha yo‘q.
LiveBarchasi