Eng ta’siri kuchli yahudiylar reytingi e’lon qilindi

Olam

image

Joriy yil uchun dunyoning eng ta’siri kuchli 50 yahudiysi kiritilgan reyting e’lon qilindi. Bu haqda “The Jerusalem Post” xabar berdi.

Qayd etilishicha, “50 Most Influential Jews” deb nomlangan ro‘yxatga siyosat, biznes, texnologiya, harbiy soha, OAV va boshqa yo‘nalishlarda katta ta’sirga ega bo‘lgan shaxslar kiritilgan.

Ro‘yxatning birinchi o‘rnidan Jared Kushner va Ivanka Tramp joy olgan. Nashr ularni garovga olinganlarni uyiga qaytarish borasidagi faoliyati bilan ajratib ko‘rsatgan.

Ikkinchi o‘rinni Isroil Bosh vaziri Binyaamin Netanyaxu egallagan. Nashr uning Isroil siyosati va mamlakat kelajagiga katta ta’sir ko‘rsatayotganini qayd etgan.

Uchinchi pog‘onaga Isroilning sobiq harbiy rahbari va siyosatchisi Gadi Eisenkot joylashtirilgan. Nashr uni Isroilning ehtimoliy bo‘lajak bosh vazirlaridan biri sifatida ko‘rsatgan.

Ro‘yxatdagi taniqli shaxslar qatorida Meta asoschisi Mark Suckerberg va OpenAI rahbari Sam Altman ham bor. Ular 9-o‘rinni birgalikda egallagan. Nashr ularni sun’iy intellekt rivojiga va jamiyat kelajagiga ta’sir ko‘rsatayotgan texnologiya yetakchilari sifatida ta’riflagan.

Google hammuassisi Sergey Brin 18-o‘ringa, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa 21-o‘ringa joylashtirilgan. Nashr Zelenskiyni Rossiya bosqinidan keyin Ukrainadagi qarshilik ramziga aylangan siyosatchi sifatida ta’riflagan.

Shuningdek, reytingdan Oracle asoschisi Larri Ellison, BlackRock rahbari Larri Fink, milliarder investor Bill Ackman va Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum kabi taniqli shaxslar ham o‘rin olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Bloomberg” milliarderlar reytingida birinchi o‘nlikka faqat amerikalik tadbirkorlar kirgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing