Eng ko‘p musulmon aholiga ega davlatda saylovlar vaqtida 272 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
29 aprel 2019
6244Indoneziyada saylovlarni tashkillashtirish va o‘tkazishga jalb qilingn 272 nafar xodim halok bo‘ldi, 1878 nafari tartibga solinmagan ish sabab madorsizlik va qattiq charchoqdan betob bo‘lib qoldi. Bu haqda Indoneziya Markaziy saylov komissiyasi vakili Arif Priyo Susanto ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Moliya vazirligi vafot etganlarning oilalariga kompensatsiya to‘lash ustida ish olib boryapti.
Indoneziyada joriy yilning 17 aprel kuni mamlakat prezidentligi, ikki palatali Xalq maslahatlashuv kongressi va mintaqaviy hamda mahalliy qonunchilik organlari deputatligi uchun saylovlar o‘tkazildi.
Saylovlarda 245 ming nafar nomzod 20 ming deputatlik o‘rni uchun kurash olib bordi. Saylov qamrovining kengligi bois millionlab byulletenlarni qo‘lda sanashga to‘g‘ri kelgan.
810 ming uchastkada saylovni ortiqcha muammosiz o‘tkazish uchun 6 mln xodim jalb qilingan. Mutaxassislar Indoneziyadagi saylovni “dunyodagi eng murakkab saylovlar”, deb atagan.
Dunyodagi eng ko‘p musulmon aholiga ega (263 mln kishi) mamlakatda saylovning yakuniy natijalari may oyidagina aniq bo‘ladi. Taxminlarga ko‘ra, 57 yoshli amaldagi Prezident Joko Vidodo 54 yoki 55 foiz ovoz to‘plab, asosiy raqobatchisi millatchi-general Prabovo Subiantoni katta farq bilan ortda qoldirgan. Subiantoni 44 foizga yaqin saylovchi qo‘llab-quvvatlagani taxmin qilinyapti.
LiveBarchasi