“Eng kamida tushunarsiz holat”. “Yuksalish” rahbari Rossiya migrantlarning yo‘lini “to‘sayotgani”ga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Pandemiya davrida Rossiyada qolayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini Vatanga qaytarish faqat O‘zbekiston tarafiga bog‘liq bo‘lib qolmayotgani oxirgi kunlarda ravshanlashib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov kecha, 7 avgust kuni o‘tgan Oliy Majlis Senatining 6-yalpi majlisidagi hisobotida shunga sha’ma qilgan edi. Komilovning hisobotidan o‘rin olgan fikrlardan anglashilishicha, rasmiy Moskva O‘zbekistonni YeOII olib kirishda migrantlardan foydalanmoqda. 

Vazir Komilovning qo‘qqisdan yangragan fikrlari vaziyatning qay darajada jiddiy ekanini ko‘rsatibgina qolmay, YeOIIga a’zolik masalasi O‘zbekiston tarafining shaxsiy xohish-irodasi emasligini ham ifodalayotgandek. Holatga nisbatan “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov quyidagicha munosabat bildirdi:

“Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Senatning Yalpi Majlisida fuqarolarimizni qaytarish yuzasidan Rossiya Federatsiyasiga bir netcha yangi shartnomalar taklif qilgani, lekin ular rad qilingani va aksincha, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga chorlashga urinishlar bo‘lganini aytdi. 

Rossiya Federatsiyasi O‘zbekistonning ham geostrategik, ham muhim iqtisodiy hamkori, yaqin do‘stlik munosabatlarida bo‘lgan davlat hisoblanadi. 

Shu bois, bizningcha, dunyoda hukm surayotgan og‘ir pandemiya sharoitida, fuqarolarimizning vatanga qaytish istagida bo‘lib, qiyinchilikni boshdan kechirayotgan bir paytda, Rossiya tomonidan umuman boshqa bir masala – siyosiy yoki iqtisodiy integratsiya masalalarining ro‘kach qilinayotganini eng kamida tushunarsiz holat deb baholash mumkin. 

Umid qilamizki, siyosiy konstruktivizm qaror topadi va Rossiya siyosatchilari O‘zbekiston hukumatining fuqarolarimizni ortga qaytarish bo‘yicha sa’y-harakatlariga to‘sqinlik qilmaydi”.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 24 yanvar kuni Parlamentga yo‘llagan murojaati YeOIIga a’zolik haqida gapirib, ushbu masala yuzasidan so‘nggi qarorni deputatlar berishi kerakligini aytib, shunday degan edi: 

“Import va eksportimiz Qozog‘iston va Rossiyaning tranzit yo‘llari orqali o‘tadi. Qolaversa, aholimizning ko‘p qismi Rossiya va Qozog‘istonda ishlamoqda. Shularni inobatga olib, YeOIIga a’zolik masalasini ko‘rib chiqyapmiz.

Deputatlar nima desa, shu bo‘ladi. Qo‘lga qalam olib hisob-kitob qilinglar. Men aytgan masalalarni ham albatta, inobatga olish shart”. 

Ma’lumot o‘rnida, YeOII – 2015 yil 1 yanvardan boshlab faoliyat ko‘rsatuvchi xalqaro integratsiya iqtisodiy birlashma hisoblanadi. Ittifoq tarkibiga Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Bobur Bekmurodov

Baholaganlar

267

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made