Yaqin Sharqdagi vaziyat katta davlatlarning tarafkashligi oqibatidir – o‘zbekistonlik deputat
Jamiyat
−
18 Oktabr 2023
7946Kecha, 17 oktyabr kuni tunda G‘azo sektoridagi Al-Ahli shifoxonasiga hujum qilindi. Oqibatda tinch aholi halok bo‘ldi. Bu esa dunyo hamjamiyatining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Vaziyatga munosabat bildirganlar orasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov ham bor. Uning fikricha, Yaqin Sharqdagi vaziyatning yanada keskinlashishi katta mamlakatlarning tarafkashligi oqibatidir. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozdi.
“G‘azodagi Al-Ahli kasalxonasining o‘qqa tutilishi oqibatida 1000 ga yaqin odam qurbon bo‘ldi. Shubhasiz, bu xalqaro huquq va umuminsoniy qadriyatlar chegarasidan chiqishdir. Tinch aholining, bolalarning xun to‘lashini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi”, deydi Bekmurodov.
Uning yozishicha, hozirda geosiyosiy aktorlar siyosiy manfaatlarni talashish, o‘zaro ayblash emas, mintaqada vaziyatni normallashtirish ustida ishlashi kerak.
“Bugun, ularning ritorikasi qanday qilib urushni qo‘llash emas, qanday qilib urushni to‘xtatish bo‘lishi kerak”, degan deputut.
Isroil-Falastin mojarosi
Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. 9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi.
Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi. Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida G‘azoda 3 ming kishi halok bo‘lgan, 13 ming kishi jarohatlangan. Isroil tomonidan qurbon bo‘lganlar soni 1,4 ming kishini tashkil etadi.
LiveBarchasi