Endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidagi holat yuzasidan SSV bayonot berdi

Jamiyat

Ijtimoiy tarmoqlarda Respublika ixtisoslashtirilgan Endokrinologiya ilmiy – amaliy tibbiyot markazi faoliyati bilan bog‘liq holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi maxsus bayonot berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, video lavhada aks etgan voqea 2019 yilning 13 mart kuni sodir bo‘lgan. Shu kuni fuqaro M.T. qizi M. va jiyani N.ni ushbu markaz poliklinikasiga olib keladi.

“U yerda fuqaro M.T. markaz poliklinika hamshirasi Zilola Kamolovaga qizi M.ning og‘ir holatini inobatga olgan xolda shifokorlarni navbatsiz qabul qilishini so‘raydi. Shundan so‘ng poliklinika mudiri Xabiba Rahmonova fuqaro M.ni ko‘rikdan o‘tkazib, qon tahlilini tekshirish kerakligini yozib beradi. Ammo tibbiy tekshiruvlar uchun to‘lov puli kassaga emas, balki hamshiraga berilgan. O‘rganishlar natijasida fuqaro tomonidan qizining tibbiy ko‘rigi uchun berilgan summaning lozim bo‘lgan miqdori markaz kassasiga to‘liq kirim qilingan. 

Tabiiyki, ushbu holat tibbiy deontologiya va axloqiy me’yorlarni buzish sifatida baholanib, shu yilning 5- aprel kuni poliklinika mudiri X. Rahmonova va xamshira Z. Kamalovalar o‘z vazifasidan ozod etilgan. Video lavhada mazkur markaz direktori o‘rinbosari Feruza Haydarovaning ishga qabul qilish va bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ularni yotqizish bilan bog‘liq bildirilgan vajlar o‘z tasdig‘ini topmagan.

Ta’kidlash lozimki, markazda yangi ishchilarni qabul qilishda xolislikni ta’minlash maqsadida yurist, kadrlar bo‘limi va kasaba uyushmasi vakillaridan iborat maxsus komissiya shug‘ullanadi.Tibbiy xizmat ko‘rsatish esa fuqaroning yashash joyidagi davolash muassasasi tomonidan beriladigan yo‘llanma (order) orqali yoki to‘liq to‘lov asosida amalga oshiriladi.

Ayni paytda markazga murojaat qiluvchi bemorlarga qulaylik yaratish maqsadida elektron ro‘yxatga olish tizimi ishlab chiqilmoqda. Markazning barcha bo‘limlarida shu kungacha 80 ta maxsus videokuzatuv moslamalari o‘rnatildi. Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash vazirligi shu yil 21 iyunda mazkur markaz faoliyatini kompleks o‘rganib chiqib, hay’at yig‘ilishida tahlil qildi. Uning natijalariga ko‘ra, ushbu muassasaning to‘rt nafar mas’ul xodimiga faoliyatiga yul qo‘ygan kamchiliklari uchun intizomiy jazo – hayfsan berildi.

Afsuski, bunday holatlar juda oz bo‘lsa-da, ayni shunday voqealar xalqimizning xizmati uchun tun-u kun tinim bilmayotgan minglab shifokorlarimiz faoliyatiga salbiy baho berilishiga sabab bo‘lmoqda”, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

SSV Endokrinologiya ilmiy – amaliy tibbiyot markazi

Baholaganlar

93

Reyting

3.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing