Endilikda yo‘llardagi avtomobillarning vazni va hajmini xususiy sektor nazorat qiladi
Jamiyat
−
02 noyabr
3042Avtotransportlarning vazni va hajmi ustidan nazorat xususiy sektorga o‘tkazilmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining joriy yil 28 oktyabr kuni qabul qilingan “Avtomobil yo‘llari bo‘ylab katta hajmli va og‘ir vaznli avtotransport vositalarining harakatlanish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Qarorga ko‘ra:
-
avtomobil yo‘llarida vazn va hajm parametrlari nazorati bo‘yicha zamonaviy o‘lchov vositalari bilan jihozlangan statsionar va ko‘chma shoxobchalar (o‘lchov-nazorat shoxobchalari) o‘rnatiladi va ulardan foydalanish uchun xususiy sektor jalb qilinadi;
-
shoxobchalar onlayn auksion orqali tadbirkorlik sub’ektlariga 20 yil muddatga ijara asosida va boshqa shaxslarga o‘tkazish huquqi bilan beriladi.
Qaror bilan avtomobil yo‘llarida og‘irlik va gabarit nazorati bo‘yicha statsionar va ko‘chma shoxobchalarni tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Elektron onlayn-auksion savdolariga qo‘yish uchun o‘lchov-nazorat shoxobchalari o‘rnatiladigan joylarning minimal qiymati (boshlang‘ich narxi):
-
xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarida – BHMning 50 baravari;
-
davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llarida – BHMning 40 baravari;
-
mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarida – BHMning 30 baravari miqdorida belgilanadi.
Dastlabki ikki yil davomida mazkur shoxobchalar orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar uchun jarimalar summasidan tushgan mablag‘larning 40 foiz tadbirkorlik sub’ektlari hisobiga yo‘naltiriladi. Keyinchalik ushbu summa 30 foizni tashkil etadi.
Qaror joriy yilning 31 oktyabr kunidan kuchga kirgan.